
27-noyabr kuni Yevropa chempionlar ligasining 5-turi doirasida «Arsenal» o‘z maydonida «Bavariya»ni qabul qilib, 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Bahsning 22-daqiqasida Bukayo Sakaning uzatmasidan so‘ng himoyachi Timber hisobni ochdi. Biroq oradan o‘n daqiqa o‘tib, 32-daqiqada myunxenliklar vakili Lennart Karl Serj Gnabrining pasidan unumli foydalanib, muvozanatni tikladi. Birinchi bo‘lim 1:1 hisobida yakunlandi.
Ikkinchi bo‘limda londonliklar tashabbusni to‘liq o‘z qo‘liga oldi. 69-daqiqada Noni Madueke jamoasini oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 76-daqiqada Gabriel Martinelli yakuniy hisobni o‘rnatdi 3:1. Gollarga Rikkardo Kalafiori va Eberechi Eze assist amalga oshrdi.
O‘yin hissiyotlarga boy va keskin ruhda o‘tdi, hakamlar jami oltita sariq kartochka ko‘rsatishga majbur bo‘ldi. «Arsenal» safida Vilyam Saliba va Mikel Merino, «Bavariya»dan esa Dayo Upamekano va Konrad Laymer ogohlantirildi. Shuningdek, har ikki jamoa murabbiylari Mikel Arteta va Vensan Kompani ham hakam tomonidan jazolandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «PSJ» «Tottenhem»ni yirik hisobda mag‘lub etgani haqida xabar bergan edi.
