Yangiliklar

Centrum Air 2026-yilda Frankfurt va Kopengagenga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi

30-31-martdan boshlab
Centrum Air
2026-yilda Frankfurt va Kopengagenga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi. Foto: Centrum Air

Centrum Air 2026-yil bahor–yoz mavsumidan boshlab ilk Yevropa yo‘nalishlarini ishga tushiradi. Bu haqda kompaniya Kursiv’ga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, kelasi yil 30-martdan boshlab Toshkent – Frankfurt – Toshkent, 31-martdan esa Toshkent – Kopengagen – Toshkent yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar amalga oshiriladi. Har ikkala yo‘nalish haftasiga ikki marta Airbus A321neo laynerlarida bajariladi.

Kopengagenga reyslar seshanba va payshanba kunlari uchadi, parvoz 7 soat 30 daqiqa davom etadi. Chiptalar bir tomonga bagaj bilan 3 mln so‘mdan boshlanadi. Frankfurt yo‘nalishida esa parvozlar dushanba va juma kunlari amalga oshiriladi, davomiyligi 8 soat 15 daqiqa bo‘lib, eng arzon chipta narxi 3,7 mln so‘mni tashkil etadi.

Ma’lumot uchun, 2023-yilda asos solingan aviakompaniya bugungi kunda 13 ta zamonaviy Airbus samolyotlariga ega bo‘lib, 40 dan ortiq yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshirmoqda. Kompaniya yil oxirigacha samolyotlar parkini yana A330-300 va A321neo samolyotlari bilan kengaytiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 30-noyabrdan Centrum Air Toshkentdan Maldiv orollariga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yayotgani haqida yozgandi.