Chevrolet Cobalt tez eskirmasligi uchun nima qilish kerak

27-noyabr 2025 18:06 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Rasm SI yordamida sayqallangan / Manba: OLX

Cobalt O‘zbekistondagi ommabop modellardan biri hisoblanadi. Shu yilning yanvar-oktabr oylarida jami 98,9 ming dona xarid qilingan. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida Chevrolet Cobalt eskirmasligi uchun nimalar qilish lozim degan savolga javob beriladi.

Mundarija:

Dvigatel va transmissiya yog‘ini almashtirish

Foto: Getty images

Dvigatel va transmissiya yog‘ini o‘z vaqtida almashtirish avtomobilning xizmat muddatini sezilarli uzaytiradi. Mutaxassislar dvigatel moyini faqat ishlab chiqaruvchi ko‘rsatmalariga mos sintetik yoki yarim sintetik mahsulotlar bilan almashtirishni tavsiya qiladi. Odatda bu jarayon har 7–10 ming km masofadan so‘ng yoki ko‘rsatma kitobida belgilangan muddatda bajariladi.

Ayrim ustalar moyni har 10 ming km yoki kamida 6 oyda bir marta yangilashni ma’qul ko‘radi. Moy bilan birga yog‘ filtrini ham albatta almashtirish lozim. Eskirgan yoki sifatsiz moy dvigatelning tez isinishi va qismlarning erta eskirishiga sabab bo‘ladi.

Foto: Unsplash

Transmissiya moyi ham muntazam nazoratni talab qiladi. Avtomatik uzatmalarda moyni odatda 80–100 ming km oralig‘ida, mexanik qutilarda esa 50–80 ming km da almashtirish tavsiya etiladi. Zarurat bo‘lsa, transmissiya filtri ham birga yangilanadi.

Eng muhimi ishlab chiqaruvchi tavsiyalariga qat’iy amal qilish. Yog‘ning API va SAE standartlariga mos bo‘lishi, transmissiya uchun esa to‘g‘ri klassdagi moy tanlanishi muhim. Masalan, qo‘lda uzatma uchun GL-4, avtomat quti uchun esa Dexron VI kabi moylar qo‘llanadi.

Yog‘ darajasi va sifati muntazam tekshirib turilsa, yuqori sifatli moylar ishlatilsa, dvigatel va transmissiya ancha uzoq xizmat qiladi.

Filtrlarni almashtirish

Foto: OLX

Filtrlarni o‘z vaqtida almashtirish avtomobilning umumiy texnik holatini barqaror saqlashda muhim omil hisoblanadi. Havo, yoqilg‘i va salon filtrlarini muntazam tekshirtirib, belgilangan muddatda yangilab borish dvigatelning ishlashini yengillashtiradi va yoqilg‘i sarfini barqaror ushlab turadi.

Dvigatelga havo berib turuvchi filtr odatda 50–70 ming km oralig‘ida almashtiriladi. Yoqilg‘i filtri esa taxminan 50–65 ming km da yangilanadi. Salon filtri 25–50 ming km davomida xizmat qiladi, chang to‘planishi sezilsa, muddatidan oldin ham o‘zgartirish tavsiya etiladi. Har bir moy almashtirishda yog‘ filtri ham yangilanadi — bu dvigatel ichki qismlarining toza ishlashini ta’minlaydi.

Foto: OLX

Filtrlar o‘z vaqtida almashtirilsa, dvigatelga chang va iflosliklar kirishi bartaraf etiladi, yoqilg‘i tizimi toza bo‘ladi, salon ichidagi havo esa sog‘lom muhitni saqlab turadi. Ayrim Cobalt egalari uchun tavsiyalarda 15 ming km bosib o‘tilganida yonilg‘i tizimini tozalovchi qo‘shimcha vosita ishlatish ham ma’qul ekani aytiladi — bu purkagichlar va klapanlardagi cho‘kindilarni kamaytiradi.

Sovutish tizimini tekshirish

Sovutish tizimi dvigatelning barqaror ishlashi uchun eng muhim bo‘g‘inlardan biridir. Cobalt uchun rasmiy xizmat ko‘rsatma jadvalida sovutish tizimini haftalik tekshiruvdan o‘tkazish, sovutish suyuqligini esa har 150 ming km yoki 5 yilda bir marta to‘liq almashtirish tavsiya etiladi.

Ushbu modelda DexCool turidagi antifrizdan foydalanish ma’qul. Suyuqlik va suv aralashmasi odatda 35–50% oralig‘ida bo‘lishi kerak. Har tekshiruvda muzlashdan va zangdan himoya darajasiga e’tibor qaratish lozim. Buni kengaytirish idishidagi suyuqlik darajasi va rangini kuzatish orqali aniqlash mumkin. Idish qopqog‘i mahkam yopilganiga ishonch hosil qilish, shuningdek radiator, shlang va termostat holatini ko‘zdan kechirish ham muhim.

Sovutish suyuqligi darajasi har oyda, ayniqsa issiq yoki sovuq mavsum boshlanishida tekshirib turilishi kerak. Agar suyuqlik rangi o‘zgargan yoki ifloslanish sezilgan bo‘lsa, tizimni tozalab, yangilangan antifriz quyish zarur. Radiator qopqog‘i va shlanglarda yorilish yoki tiqilish bo‘lmasligi, termostat esa to‘g‘ri ishlashi lozim.

Shinalarni parvarishlash

Shinalarning to‘g‘ri parvarishi nafaqat xavfsizlik, balki yoqilg‘i tejamkorligi uchun ham muhim. Shuning uchun shina bosimini muntazam nazorat qilish va ularni vaqtida rotatsiya qilish avtomobilning umumiy holatini sezilarli darajada yaxshilaydi.

Foto: Pexels

Shina bosimi o‘z-o‘zidan pasayib borishi tabiiy holat. Shu sababli bosimni har oyda kamida bir marta tekshirish tavsiya etiladi. Uzoq safarga chiqishdan oldin esa bosimni ishlab chiqaruvchi ko‘rsatgan me’yor bilan solishtirib, moslashtirib olish zarur. Bosim bo‘yicha tavsiya etilgan ko‘rsatkichni avtomobil eshik romidagi stiker yoki qo‘llanmadan topish mumkin. Shina ustida yozilgan maksimal qiymatga emas, aynan zavod tavsiya qilgan bosimga amal qilish lozim.

Shinalarni har 10–13 ming km masofada rotatsiya qilish — ya’ni oldingi g‘ildiraklarni orqa tomonga, orqa g‘ildiraklarni old tomonga o‘tkazish — ularning bir tekisda eskirishiga yordam beradi va xizmat muddatini uzaytiradi.

Tormoz tizimi profilaktikasi

Tormoz tizimi avtomobil xavfsizligining eng muhim qismi bo‘lgani uchun uni muntazam nazorat qilish zarur. Tormoz suyuqligi har texnik xizmatda tekshirilib, kamida har ikki yilda bir marta DOT-4 sinfli yangi suyuqlikka to‘liq almashtirilishi kerak.

Foto: Unsplash

Tormoz balatalari qalinligi 3–4 mm ga tushganida ularni darhol yangilash tavsiya etiladi. Shuningdek, yomg‘ir yoki loyli yo‘llarda harakatlangandan keyin tormoz disk va balatalarini tozalab qo‘yish maqsadga muvofiq. Chang va loy qoldiqlari tormozlash samaradorligini pasaytirishi mumkin.

Agar pedal bosilganda cho‘zilish sezilsa yoki g‘uru-g‘uru shovqin eshitsangiz, tizimni zudlik bilan ko‘rikdan o‘tkazish lozim. Texnik ko‘rikda tormoz rotorlarining qalinligi, balatalarning yeyilish darajasi va suyuqlik miqdori tekshiriladi. Zarurat tug‘ilganda rotorlarni silliqlash yoki almashtirish ham talab qilinadi.

Pedalning reaktsiyasini doimiy kuzatib borish muhim. Pedal juda yumshoq bo‘lsa yoki bosishga javob kechiksa, tizimda havo paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bunday holatda tormoz suyuqligini yangilab, tizimni havo chiqarguncha tekshirtirish kerak.

Salon va kuzovga qarash

Avtomobilning salon va kuzovini toza saqlash nafaqat estetik ko‘rinishni yaxshilaydi, balki uning xizmat muddatini ham uzaytiradi. Kuzovni muntazam yuvish va mumlash bo‘yoq ostida zang paydo bo‘lishining oldini oladi. Sho‘r suv, loy va changni o‘z vaqtida yuvib tashlash metall qismlarini himoyalaydi.

Cobalt
Foto: Kursiv Uzbekistan

Bo‘yoq yuzasida tirnalgan joylar paydo bo‘lsa, ularni darhol to‘ldirish kerak. Aks holda namlik kirib, zanglanish kuchayadi. Maxsus himoya mumi yoki lak qatlami kuzovni qo‘shimcha himoya qiladi. Eshik rezinalari va ruchka atrofidagi elastik qismlarni silikon spreyi bilan moylab turish ularning yorilib ketishining oldini oladi.

Salon parvarishi ham birdek muhim. To‘qima qoplamalarni yiliga bir-ikki marta yuvib, muntazam changyutgich bilan tozalash tavsiya etiladi.

Charm qoplamalar uchun esa terini namlantirib yubormaydigan maxsus konditsioner yoki kremdan foydalanish lozim. Bunday parvarish materiallarning qurib qolishini, yorilishini oldini oladi.

Faralar va oynalarni muntazam tozalab turing. Gidrofob qoplama qo‘llash yomg‘irda ko‘rish aniqligini yaxshilaydi. Kuzovning ostki metall qismlariga maxsus korroziya­ga qarshi sprey yoki himoya qoplami surish ham uzoq muddatli himoya beradi. Avtomobil yuvilganda ostki yoqilg‘i yo‘llari, shinalar va arka bo‘shliqlarini tozalash alohida ahamiyatga ega — bu joylarda loy, tuz va namlik ko‘proq to‘planadi.

Qorli, sho‘r yoki nam iqlimda avtomobilni uzoq vaqt ochiqda qoldirmaslik maqsadga muvofiq. Garajda saqlash yoki maxsus qopqoqdan foydalanish kuzovning rangini va metal qismlarni yaxshi holatda ushlab turadi.

Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt uchun salonlarda shartnomalar ochilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek