
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ekologik qoidabuzarliklarni aniqlashda fuqarolar faolligini oshirish uchun yangi rag‘bat tizimini joriy etdi. Bu haqda qo‘mita raisi va Maxsus komissiya rahbari Aziz Abduhakimov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Ekonazorat axborot tizimi yoki @ecogovuzbot orqali yuborilgan foto va video dalillar asosida jarima undirilsa, ariza yuborgan fuqaro jarima summasining 15 foizini oladi.
«Maxsus komissiya ishlarni davom ettiradi va aholini tezkor xabardor qiladi. Endi navbat sizga! Kameralaringiz himoyamiz quroliga aylansin! Huquqbuzarlikni aniqlang va mukofotingizni oling. Toza havo uchun kurashda birgamiz», — deydi Aziz Abduhakimov.
Avvalroq poytaxtda havo sifatini yaxshilash va chang miqdorini kamaytirish maqsadida olib borilayotgan keng ko‘lamli tadbirlar haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, joriy yilning 26-noyabr kuni shahar bo‘yicha 2,5 mingta qurilish obyekti ko‘rib chiqildi. Shulardan 890 tasida ishlar vaqtincha to‘xtatilgan, 1,6 mingtasida esa qurilishlar davom etmoqda.