Yangiliklar

Farg‘onada kuchli ta’sirga ega dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi

Holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Farg‘onada kuchli ta’sirga ega dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi / Foto: Bosh prokuratura departamenti

Farg‘ona viloyatida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yish bo‘yicha tezkor tadbirda bir nechta holatlar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Rishton tumanida fuqaroning Qo‘qon shahridagi Taroqchilik ko‘chasida joylashgan xonadonidan tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalari mavjud bo‘lgan 523 dona «Regapen 300 mg» va 9 dona «Tropikamid» dori vositalari topilib, ashyo dalil sifatida olingan.

Shuningdek, bu kabi holat Qo‘shtepa tumanida ham kuzatilgan. Avval sudlangan fuqaro boshqa fuqaroga ruhiyatga kuchli ta’sir qiluvchi 2 turdagi jami 350 dona dori vositasini 3,3 mln so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Ushbu mahsulotlar ham ashyo dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda 1,4 milliard so‘mlik qalbaki va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari musodara qilingan edi.