Global ekologik jamg‘arma O‘zbekistondagi loyihalar uchun 6,1 mln dollar ajratadi

Global ekologik jamg‘arma (GEF) O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan loyihalar uchun $6,1 mln ajratadi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri xabar berdi.
CITES konferensiyasi doirasida GEF-8 dasturining «O‘zbekistonda qimmatli landshaftlarni kompleks boshqarish va tiklash» (EcoLand) loyihasini rasman ishga tushirish va grant kelishuvini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
EcoLand loyihasining asosiy maqsadi — O‘zbekistonning uchta asosiy landshaft klasterida ekotizimlarni muhofaza qilish va tiklash bo‘yicha kompleks yondashuvlarni kengaytirish, yer resurslarini barqaror boshqarish, tabiatni asrash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish hamda mahalliy hamjamiyatlarni jarayonga jalb qilishdan iborat.
«O‘zbekiston qimmatli landshaftlarini tiklash va bioxilma-xillikni kelajak avlod uchun asrashga sodiq. Ushbu loyiha ekologik islohotlarimizda muhim qadam bo‘ladi», — dedi Ekologiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov.
Loyiha qaysi hududlarda amalga oshiriladi

EcoLand loyihasi olti viloyat va o‘nta pilot tumanni qamrab oladi. Ular O‘zbekistonning eng muhim tabiiy hududlarini o‘z ichiga oladi:
- Toshkent viloyati: Parkent, Ohangaron tumanlari;
- Surxondaryo: Boysun, Sherobod;
- Qashqadaryo: Dehqonobod;
- Navoiy: Xatirchi, Nurota;
- Samarqand: Qo‘shrabot, Payariq;
- Jizzax: Forish tumani.
Tashabbus 1,3 million gektar maydondagi tabiiy hududlarni boshqarishni yaxshilash, ularning barqarorligini oshirish va mahalliy aholi uchun ekologik foydalarga teng imkoniyat yaratishga qaratiladi.
Loyihaning asosiy yo‘nalishlari — tiklash va barqaror boshqaruv
EcoLand uch turdagi ekotizimlar bilan ishlaydi:
- yuqori ekologik qiymatga ega o‘rmonlar;
- quruq dasht yaylovlari;
- mozaik qishloq landshaftlari va kichik fermer maydonlari.
Loyiha barcha manfaatdor tomonlar ishtirokida kompleks boshqaruv mexanizmlarini joriy qiladi va innovatsion moliyaviy vositalarni, jumladan bioxilma-xillikni moliyalashtirish mexanizmlarini sinovdan o‘tkazadi. Dastur doirasida «yashil» investitsiya mahsulotlari va bioxilma-xillik kreditlari qo‘llaniladi.
Alohida e’tibor ayollar, yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarning qaror qabul qilish jarayonida ishtirokini ta’minlashga qaratiladi.
Rejalashtirilayotgan boshqa eko-loyihalar

Tadbir doirasida Ekologiya qo‘mitasi va BMT Taraqqiyot dasturi o‘rtasida EcoLand loyihasini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Taqdimotda O‘zbekistonning ekologik islohotlari haqida ma’lumot berildi. Bularga ekologik boshqaruvni yaxshilash, degradatsiyaga uchragan hududlarni tiklash, bioxilma-xillikni muhofaza qilish va suv hamda yer resurslarini barqaror boshqarish kiradi.
BMT Taraqqiyot dasturi ERIP loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan tashabbuslarni ham namoyish etdi. Ular bioxilma-xillikning muhim hududlarini tiklash, tabiatga asoslangan turizmni rivojlantirish va mahalliy aholini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini gender yondashuvi asosida joriy etishni o‘z ichiga oladi.
Avvalroq ekohuquqbuzarliklar haqida xabar berganlarga undirilgan jarimaning 15 foizi berilishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, Ekonazorat axborot tizimi yoki @ecogovuzbot orqali yuborilgan foto va video dalillar asosida jarima undirilsa, ariza yuborgan fuqaro jarima summasining 15 foizini oladi.