
Gvineya-Bissauda harbiylar hokimiyatni to‘liq nazoratga olib, prezident Umaru Sisoku Embaloni lavozimidan chetlatdi. Harbiylar mamlakatdagi barcha siyosiy institutlar faoliyatini to‘xtatganini va chegaralarni vaqtincha yopganini e’lon qildi. Bayonot davlat telekanali TGB’ning Facebook sahifasida e’lon qilindi.
Harbiylar o‘z harakatlarini saylov natijalarini soxtalashtirishga urinish va mamlakatni beqarorlashtirish rejasi aniqlangani bilan asoslamoqda. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, ushbu reja ichida ayrim siyosatchilar, narkotik savdosi bilan bog‘liq guruhlar va xorijiy shaxslar borligi aytilgan.
Poytaxt Bissauda prezident saroyi yaqinida otishma ovozlari eshitilgan. Prezident Embalo Jeune Afrique nashriga bergan izohida o‘zi, Ichki ishlar vaziri va Qurolli Kuchlar bosh shtabi rahbarining hech qanday qarshiliksiz qo‘lga olinganini, ammo zararlanganlar yo‘qligini aytgan.
Ma’lumot uchun, mamlakatda 23-noyabr kuni prezidentlik va parlament saylovlari bo‘lib o‘tgan. Rasmiy natijalar hali e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, ham amaldagi prezident Embalo, ham uning asosiy raqibi Fernandu Diash de Koshta o‘zini g‘olib deb e’lon qilgan. Bu vaziyat siyosiy keskinlikni yanada kuchaytirgan edi.
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Gvineya-Bissaudagi vaziyatni o‘ta beqaror deb baholab, u yerda bo‘lgan fuqarolarni odamlar to‘planadigan hududlardan, ayniqsa, prezident saroyi atroflaridan uzoqlashishga chaqirdi.
Embalo 2020-yildan buyon prezidentlik qilayotgan edi. 2023-yil oxirida u parlamentni tarqatib yuborgan, bu esa uzoq davom etgan siyosiy inqirozni yanada chuqurlashtirgan. Muxolifat va inson huquqlari faollari uni bosim, senzura va ta’qibda ayblab kelgan. Gvineya-Bissau hozirda dunyodagi eng kambag‘al va siyosiy jihatdan eng beqaror davlatlardan biri sifatida baholanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xristianlar genotsidi yoki jamoalar to‘qnashuvi: Nigeriyada nega qotilliklar davom etayotgani haqida yozgandi.