Javohir Sindarov «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi» unvoni bilan taqdirlandi

O‘zbekiston prezidentining farmoniga asosan, shaxmat bo‘yicha milliy terma jamoa a’zosi Javohir Sindarov «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Farmonda ta’kidlanishicha, Sindarov o‘zining azmu shijoati va yuksak irodasi bilan vatan sharafini munosib himoya qilib, Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirishga xizmat qildi. Shaxmat bo‘yicha Jahon kubogi sohibi bo‘lgan sportchiga davlat rahbari nomidan 3 xonali xonadon sovg‘a qilinadi.
Bundan tashqari, uning g‘alabasiga hissa qo‘shgan murabbiylar ham pul mukofotlari bilan rag‘batlantirilishi belgilangan. Javohir Sindarov o‘zbek shaxmat maktabining yorqin vakillaridan biri bo‘lib, jahon arenasida muntazam ravishda yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekiston Javohir Sindarov shaxmat bo‘yicha Jahon kubogi g‘olibi bo‘lgani haqida xabar bergan edi.