O‘zbekiston elchisi Bangladesh prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

eʼlon qilindi
Elchining qarorgohi Hindiston poytaxti Dehli shahrida joylashgan
O‘zbekiston elchisi Bangladesh prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi / Foto: «Dunyo» AA

O‘zbekistonning Bangladesh Xalq Respublikasidagi elchisi Sardor Rustamboyev mamlakat prezidenti Muhammad Shahobuddinga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.

Tantanali marosimdan so‘ng o‘tgan suhbatda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi holati hamda rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Foto: «Dunyo» AA

Muhammad Shahobuddin O‘zbekistonni Bangladeshning Markaziy Osiyodagi asosiy mintaqaviy sherigi va ishonchli do‘sti deb atadi. U so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar va izchil tashabbuslar tufayli O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va imijining yuksalib borayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda Bangladesh hukumatining mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotgani bildirildi. To‘qimachilik, farmatsevtika va charm sanoati kabi sohalarda sheriklik uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi. Bangladesh tomoni ushbu yo‘nalishlarda tajriba almashish va yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini ma’lum qildi.

Foto: «Dunyo» AA

Shuningdek, muloqot chog‘ida madaniy-gumanitar sohalar, xususan, turizm va oliy ta’lim sohalaridagi sheriklikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 15-oktabrda o‘rnatilgan bo‘lib, shundan beri ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Gretsiyadagi yangi elchisi tayinlangan edi.

Shuningdek