
Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni Yevropa Ittifoqining Xalqaro sherikliklar bo‘yicha komissari Yozef Sikela va Kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni Bryusselga oktabr oyidagi oliy darajadagi tashrif davomida erishilgan kelishuvlar asosida rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yevropa Ittifoqi vakillari Mirziyoyevga Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenning salomlarini yetkazdi. Davlat yetakchisi delegatsiyani Toshkentda o‘tkazilgan «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» iqtisodiy forumi hamda Transkaspiy transport yo‘lagi bo‘yicha investorlar forumi muvaffaqiyatli yakunlangani bilan tabrikladi. Unda yangi qo‘shma loyihalar ishga tushirilgani qayd etildi.
Tomonlar O‘zbekiston – Yevropa munosabatlari izchil rivojlanayotganini ta’kidlab, keng qamrovli hamkorlikning yangi kun tartibi shakllanganini e’tirof etdi. Bu yil Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Samarqand va Bryusselda sammitlar o‘tkazildi, shuningdek, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralar Yevropa Ittifoqi bilan yakunlandi.
Yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash qariyb 7 foizga oshgani ta’kidlanib, KShHBning amaliyotga tatbiq etilishi savdo hajmi va investitsiyalar oqimini yanada oshirishga xizmat qilishi qayd etildi. Tomonlar savdoni kengaytirish uchun institutsional mexanizmlarni takomillashtirish, sanoat kooperatsiyasi, transport, raqamlashtirish, muhim minerallar, energetika, sog‘liqni saqlash kabi yo‘nalishlarda va boshqa ustuvor sohalarda qo‘shma loyihalarni rivojlantirish zarurligini muhokama qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Fransiya transport vazirini qabul qilgani haqida yozgan edik.