
O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvarga qadar alkogol mahsulotlariga qo‘llaniladigan aksiz solig‘i stavkalari Jahon savdo tashkiloti (JST) standartlariga moslashtiriladi. Bu o‘zgarishlar 2026 – 2028-yillarga mo‘ljallangan budjetnomada belgilangan bo‘lib, soliq siyosati bosqichma-bosqich yagona talablarga keltiriladi.
Alkogol mahsulotlari bo‘yicha yangi aksiz solig‘i stavkalari
Hukumat sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va mahalliy hamda import alkogol mahsulotlari uchun soliq yuki farqini qisqartirishga kirishmoqda. Hujjatga ko‘ra:
- 2026-yil 1-fevraldan aroq, konyak va boshqa spirtli ichimliklar uchun aksiz solig‘i: mahalliy mahsulotlarga — 1 litr uchun 48 ming so‘m, import mahsulotlariga — 1 litr uchun 60 ming so‘m etib belgilanadi.
- 2026-yil 1-iyuldan esa stavkalar to‘liq tenglashtiriladi: 1 litr uchun 48 ming so‘m.
Vino va pivo uchun aksiz solig‘i
2026-yilning 1-fevralidan vino va pivo mahsulotlari bo‘yicha ham farqlangan stavkalar joriy etiladi:
- Tabiiy vino: mahalliy — 7 ming so‘m/litr, import — 12 ming so‘m/litr;
- Boshqa turdagi vinolar: mahalliy — 9 ming so‘m/litr, import — 15 ming so‘m/litr;
- Pivo: mahalliy — 3 ming so‘m/litr, import — 5 ming so‘m/litr.
Shundan so‘ng 2026-yil 1-iyuldan boshlab umumiy, yagona stavkalar joriy qilinadi:
- tabiiy pivo — 10 ming so‘m/litr;
- boshqa pivo turlari — 12 ming so‘m/litr;
- pivo uchun umumiy stavka — 4 ming so‘m/litr.
Etil spirti bo‘yicha
2026-yil 1-yanvardan isteʼmol va texnik etil spirtiga 1 litr uchun 15 ming so‘m stavka o‘zgarishsiz qoldiriladi. Biroq spirtning bosh fraksiyasiga aksiz solig‘i amaldagi 15 ming so‘mdan 5 ming so‘mgacha pasaytirilishi rejalashtirilmoqda.
Tamaki mahsulotlari uchun soliq yuki oshiriladi
2026-yil davomida tamaki mahsulotlari bo‘yicha stavkalar bosqichma-bosqich ko‘tariladi:
- 1-fevraldan — sigara, chilim tamakisi, o‘rama tamaki, qizdiriladigan tamaki tayoqchalari, veyplarga;
- 1-iyuldan — filtrli va filtrsiz sigaretlarga soliq stavkalari 7 foizga oshiriladi.
Yangi yagona stavkalar quyidagicha bo‘ladi:
- sigaret (1000 dona) — 365 ming so‘m;
- sigara (1 dona) — 21,5 ming so‘m;
- chilim tamakisi / o‘rama tamaki (1 kg) — 642 ming so‘m;
- qizdiriladigan tamaki tayoqchasi (1 kg) — 481,5 ming so‘m;
- veyp suyuqligi (1 ml) — 2,14 ming so‘m.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda kartoshka chipslariga aksiz solig‘i solinishi mumkinligi haqida yozgandi.