O‘zbekistonda uy-joy bozori: narxlar, ipoteka va yangi qurilishlar bo‘yicha hozirgi tendensiyalar

eʼlon qilindi
2030-yilgacha aholiga yana 1,5 millionga yaqin qo‘shimcha uy kerak bo‘ladi
O‘zbekistonda uy-joy bozori: narxlar, ipoteka va yangi qurilishlar bo‘yicha hozirgi tendensiyalar
O‘zbekistonda uy-joy bozori: narxlar, ipoteka va yangi qurilishlar bo‘yicha hozirgi tendensiyalar / Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonda uy-joyga egalik qilish imkoniyatlari hukumatning maqsadli subsidiyalari va ipoteka dasturlari hisobiga kengaymoqda. «Yashil va qulay uy-joy» xalqaro forumi doirasida respublikadagi uy-joy bozori haqida batafsil ma’lumot berildi, deb xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.

Subsidiyalar tufayli past va o‘rta daromadli oilalar uchun boshlang‘ich to‘lovni to‘plash va foiz stavkalarini qoplash ancha yengillashdi. Aholi daromadlarining oshishi esa boshlang‘ich to‘lovning o‘rtacha daromadga nisbati kamayishiga olib keldi. Masalan, Qoraqalpog‘istonda bu ko‘rsatkich 2021-yildagi 1,6 dan 2024-yilda 1,3 ga tushdi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Toshkentda uy-joy investitsiyasi endi tez boyitmaydi

Poytaxtda 2024-yil oxirida uy-joy narxlari o‘sish sur’atlari sekinlashdi. Yillar davomida narxlarning tez ko‘tarilishi hisobiga olinadigan daromad endi deyarli yo‘qoldi. Bozor barqaror bosqichga o‘tib, asosan ijara daromadiga tayanadigan holatga aylandi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Bugungi kunda bir xonali uylar ijarasi $300 – $400, ikki xonali uylar esa $500 atrofida shakllanmoqda. Narxlarning pasaymasdan, barqaror turib qolayotgani ijara bozorining ham izchil davom etayotganidan dalolat beradi.

Ipoteka bozori kengaymoqda

Ipoteka kreditlarining o‘rtacha miqdori / Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ipoteka bozori sezilarli darajada o‘sdi. Ipoteka qoldiqlarining yalpi ichki mahsulotga nisbati 2020-yildagi 3,9 foizdan 2024-yilda 4,7 foizga yetdi. Banklarning o‘z mablag‘idan berilayotgan ipoteka kreditlari ulushi ham oshdi va 2022-yildagi 22 foizdan 2024-yilda 35 foizgacha ko‘tarildi. Buning natijasida ipoteka kreditlarining o‘rtacha hajmi deyarli barcha hududlarda keskin o‘sdi. Misol uchun, Qoraqalpog‘istonda yangi uylar uchun olingan ipoteka kreditining o‘rtacha miqdori 2021-yildagi 108 million so‘mdan 2024-yilda 257 million so‘mgacha ko‘tarildi.

UzMRC ipoteka tizimining asosiy drayveriga aylandi

O‘zbekistonda ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish kompaniyasi (UzMRC) bozorni rivojlantirishda muhim rol o‘ynamoqda. Kompaniya hamkor banklar sonini 2020-yildagi yettitadan 2025-yilda 11 taga yetkazdi. Hamkor banklar bilan tuzilgan shartnomalar hajmi 300 milliard so‘mdan 1 trillion so‘mdan oshdi. 2020-yilda UzMRC orqali ajratilgan ipoteka kreditlarining ulushi atigi 0,7 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib bu ko‘rsatkich 9,2 foizga yetdi.

Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy maydoni qisqarib bormoqda

Ba’zi hududlarda aholiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha yashash maydoni pasaymoqda. Masalan, Andijon viloyatida bu ko‘rsatkich 2020-yildagi 46 kvadrat metrdan 2025-yilga kelib 33 kvadrat metrga tushgan. Demak, birlamchi uy-joy bozorida ipoteka kreditlarini moliyalashtirish ulushi barqaror ravishda oʻsib bormoqda.

Foto: Kursiv Uzbekistan

2021-yilda birlamchi bozorda bitimlarning 51 foizi ipoteka hisobidan amalga oshirilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu 55 foizgacha ko‘tarildi. Hududlar o‘rtasida farqlar mavjud bo‘lsa-da, umumiy tendensiya shuni ko‘rsatadiki, aholining katta qismi uy-joyni aynan ipoteka orqali xarid qilmoqda.

2030-yilgacha uy-joyga talab keskin oshadi

Foto: Kursiv Uzbekistan

So‘nggi yillarda hukumat uy-joy qurilishini demografik o‘sishga moslashtirishga harakat qilmoqda. Ammo talab bundan ham tez o‘smoqda. UzMRC hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030-yilgacha aholiga yana 1,5 millionga yaqin qo‘shimcha uy kerak bo‘ladi. Eng katta taqchillik Surxondaryo, Andijon, Qashqadaryo va Namanganda kuzatiladi.

Shuningdek, respublikaning g‘arbiy hududlarda asosan yakka tartibdagi uylar qurish uchun yer ajratilayotgan bo‘lsa, markaziy va sharqiy hududlarda ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi tezlashgan. Yer narxlari bu jarayonning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Misol uchun, 2022-2025-yillar oraligʻida Toshkent shahrida koʻp qavatli turar joy binolari uchun sotilgan yer uchastkalarining oʻrtacha bir kvadrat metri uchun oʻrtacha narx 4,5 million soʻmni tashkil etib, 2023-yilda eng yuqori 6 million soʻmdan oshgan.

Avvalroq banklardagi muammoli kreditlar miqdori 1,1 trln so‘mga oshgani xabar qilingandi. 1-noyabr holatiga ko‘ra, banklardagi muammoli kreditlar (NPL) umumiy miqdori 22,4 trln so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich 1-oktabr bilan solishtirilganda 5,16 foizga, ya’ni 1,1 trln so‘mga oshgan.

Shuningdek