
Shavkat Mirziyoyev Transkaspiy transport yo‘lagi bo‘yicha investorlar forumida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Fransiya transport vaziri Filipp Tabaronini qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Mehmon avvalambor Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning salomi va ezgu tilaklarini davlat rahbariga yetkazdi. Tomonlar joriy yil mart oyida Parijda o‘tkazilgan oliy darajadagi tashrif davomida erishilgan kelishuvlar ijrosini jadallashtirish muhimligini qayd etdi.

Muloqot chog‘ida transport-logistika yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish, fuqarolik aviatsiyasi bo‘yicha aloqalarni kuchaytirish hamda transport sohasi mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, yaqinda tashkil etilgan O‘zbekiston – Fransiya universitetining imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Milliy statistika qo‘mitasining amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobotini ko‘rib chiqqan edi.