Statistikani rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi

eʼlon qilindi
2030-yilgacha mo‘ljallangan
Statistikani rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Milliy statistika qo‘mitasining amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobotini ko‘rib chiqdi. Unda statistik boshqaruvni yangilash, ma’lumotlar sifatini oshirish va raqamlashtirish jarayonlari muhokama qilindi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Farmonga muvofiq, Statistika agentligi Milliy statistika qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etilgani va ustuvor yo‘nalishlar belgilangan edi. Yig‘ilishda shu vaqtgacha amalga oshirilgan natijalar taqdim etildi.

Idoralararo ma’lumot almashinuvi kengaytirilib, 60 ta integratsiya joriy etilishi hisobiga hisobot yuklanmasi 27 foizga qisqardi. Soliq onlayn-kassa ma’lumotlari, elektr va gaz iste’moli, qishloq xo‘jaligi maydonlari haqidagi ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Yalpi ichki mahsulotni hisoblashni takomillashtirish bo‘yicha qamrov kengaytirildi. Natijada qo‘shimcha 81 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat aniqlanib, YIM hajmi 2024-yil yakunida 115 milliard dollardan 121,4 milliard dollarga yetdi.

Yashirin iqtisodiyot ulushi 2017-yildagi 50 foizdan 2024-yilda 35 foizga kamaygani qayd etildi. Yaqin istiqbolda 79 trillion so‘mlik norasmiy faoliyatni qamrab olish orqali bu ko‘rsatkichni 29 foizgacha tushirish imkoniyati mavjudligi bildirildi.

Shuningdek, elektron savdo, axborot texnologiyalari va masofaviy xizmatlar sohalarining o‘sishi hisobga olinib, ularni statistika tizimiga to‘liq integratsiya qilish vazifasi belgilandi. Iste’mol narxlari indeksini shakllantirishda sun’iy intellektdan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tish zarurligi ta’kidlandi.

«Deloitte» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan 23 ta tashabbus va 70 ta loyihani amalga oshirish statistikaning aniqligi va shaffofligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi. Jahon banki bilan statistikani rivojlantirishning 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi.

Kelgusi yil yanvar oyida boshlanadigan aholini ro‘yxatga olish jarayoniga tayyorgarlik ham muhokama qilindi. 9008 ta mahalla bo‘yicha rejalar tasdiqlangan, 60 mingdan ortiq xodim o‘qitilgan. Ro‘yxatga olish elektron tartibda, planshetlar yordamida amalga oshiriladi va geoaxborot tizimi orqali monitoring qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonga yangi soliq imtiyozlarini cheklashni tavsiya qilgani haqida yozgan edik.

Shuningdek