Yangiliklar

Toshkentdagi 890 ta qurilish maydonida ishlar to‘xtatildi

1,6 mingtasida esa qurilishlar davom etmoqda
Toshkentdagi 890 ta qurilish maydonida ishlar to‘xtatildi / Foto: ijtimoiy tarmoq

Joriy yilning 26-noyabr kuni shahar bo‘yicha 2,5 mingta qurilish obyekti ko‘rib chiqildi. Shulardan 890 tasida ishlar vaqtincha to‘xtatilgan, 1,6 mingtasida esa qurilishlar davom etmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.

Hokimlikka ko‘ra, poytaxtda havo sifatini yaxshilash va chang miqdorini kamaytirish maqsadida olib borilayotgan keng ko‘lamli tadbirlar davom etmoqda. Xususan, 26-noyabr holatiga:

  • hududdagi 58 ta favvora ishga tushirildi;
  • 77 ta maxsus texnika yordamida 200 dan ortiq ko‘chalar tozalandi va daraxt-butalar yuvildi;
  • «Maxsustrans» tomonidan 3,1 ming tonna chiqindi shahar hududidan olib chiqildi;
  • 241 ta qurilish obyektida suv purkash va changni bostirish ishlari amalga oshirildi;
  • 108 ta maktab va 81 ta bog‘chada sug‘orish tizimlari qayta ishga tushdi, qolganlarida hududlar yuvilmoqda;
  • bozorlar atrofida tozalash ishlari kuchaytirilib, ikki mingdan ortiq daraxt, tom va naveslar hamda irrigatsiya tarmoqlari tozalandi;
  • SES tomonidan bozorlarda tayyorlanayotgan mahsulotlar tekshirilib, sanitariya talablarini buzgan fuqarolarga ogohlantirish va jarimalar qo‘llandi;
  • tijorat banklari binolari atrofida favvoralar va sug‘orish tizimlari to‘liq ishga tushirildi;
  • ko‘p qavatli uylar hududlari tozalandi, 30 mingdan ortiq daraxt yuvilib sug‘orildi;
  • poytaxtga kirayotgan yuk mashinalari ustidan nazorat kuchaytirilgan, qoidabuzarliklar bo‘yicha haydovchilar ogohlantirilgan.

Hududlarni va yashil maydonlarni yuvish ishlari kunning ikkinchi yarmida ham davom etmoqda. Tadbirlar jarayoniga shahar obodonlashtirish, suv ta’minoti, chiqindi tashish va kommunal xizmatlar mas’ullari jalb etilgan.

Avvalroq «Maxam-Chirchiq» AJ faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, Tabiatni muhofaza qilish borasidagi qonun talablari ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv davomida «Maxam-Chirchiq» AJ faoliyatida 11 ta kamchilik aniqlangan.