Uzoq vaqt xizmat qiladigan akkumulyatorli smartfonni qanday tanlash mumkin

27-noyabr 2025 17:28 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Depositphotos

Smartfon bozori juda xilma-xil. Modellar bir biridan bateriyasi, kamerasi va boshqa turli texnik imkoniyatlari bilan farqlanadi. «Kursiv» nashrining ushbu maqolasida uzoq vaqt xizmat qiladigan akkumulyatorli smartfonni qanday tanlash mumkinligi haqida so‘z boradi.

Mundarija:

Akkumulyator sig‘imi qanchalik muhim

Akkumulyator sig‘imi — telefon qancha vaqt ishlashini belgilaydigan eng asosiy ko‘rsatkichlardan biri. MA/soat (mAh) birlikdagi bu raqam qanchalik katta bo‘lsa, telefon bir zaryadda shunchalik uzoq ishlaydi. Masalan, 5000 mA/soatli batareya odatda 3000 mA/soatlik batareyaga qaraganda ancha ko‘proq vaqt xizmat qiladi.

Foto: Pexels

Lekin faqat mAh raqamining o‘zi yetarli emas. Chunki telefonning energiya sarfi doim bir xil bo‘lmaydi. Ikki baravar katta batareya har doim ham ikki baravar uzoq ishlash degani emas. Telefonni qanday ishlatishingiz ham katta rol o‘ynaydi. Masalan, internetda oddiy matn o‘qish batareyani juda sekin sarflaydi, lekin video tomosha qilish yoki og‘ir o‘yinlar o‘ynash quvvatni tez tugatadi.

Qurilmaning boshqa xususiyatlari ham batareya umriga ta’sir qiladi. Ekran kattaligi, ruxsat darajasi, protsessor quvvati va hatto ekran yorqinligi ham energiya talabini oshiradi. Shu sababli, bir xil batareyaga ega ikkita telefonning ishlash vaqti har xil bo‘lishi mumkin. Kuchli protsessorli, 4K displeyli telefon quvvatni ancha ko‘proq yeydi, oddiy protsessorli 720p displeyli budjet model esa bir zaryadda uzoqroq ishlaydi.

Foto: Unsplash

Umumiy tavsiya sifatida shuni aytish mumkinki, hozirgi bozorda 5000 mA/soat va undan yuqori batareyaga ega telefonlar kundalik foydalanishda bir kun bemalol yetadi. Agar siz ko‘p o‘yin o‘ynasangiz, video suratga olsangiz yoki telefonni faol ishlatsangiz, 5000–6000 mA/soat oralig‘idagi modellarga e’tibor qaratgan ma’qul.

Ekran texnologiyasi va yangilanish tezligining energiya sarfiga ta’siri

Foto: Pexels

Ekran — smartfonning eng ko‘p quvvat yeydigan qismi. Shuning uchun displey turi va yangilanish tezligi batareya umri uchun juda katta ahamiyatga ega. Hozirgi telefonlarda asosan OLED/AMOLED va LCD ekranlar qo‘llaniladi. Ular nafaqat rang sifati, balki energiya sarfi bo‘yicha ham farq qiladi.

OLED/AMOLED displeylar har bir pikselni alohida yoritadi. Qora rang berilganda piksel butunlay o‘chadi va deyarli quvvat sarflamaydi. Shu sababli OLED ekranli telefonlar, ayniqsa qorong‘i mavzudan foydalanganda, LCD ekranlarga qaraganda tejamkor bo‘ladi. Faol bo‘lgan piksellar energiya yeydi, faolsizlari esa yo‘q — natijada umumiy sarf kamayadi.

LCD displeylar esa butunlay orqa yoritish paneli orqali ishlaydi. Panel doimo yoqilgan bo‘lgani uchun energiya sarfi barqaror va yuqoriroq bo‘ladi. Hatto qora fon qo‘ysangiz ham quvvat tejalmaydi. LCD ekranlar ko‘pincha kuchli yorqinlikka ega bo‘ladi, lekin bu tejamkorlik masalasida ularni OLED’dan ortda qoldiradi.

Ekran yangilanish tezligi (Hz) va adaptiv rejim

Ekran yangilanish tezligi — displey bir soniyada necha marta yangilanib, tasvirni qayta chizishini bildiradi. Oddiy 60 Hz ekranlar ham kundalik foydalanish uchun yetarli, lekin bugungi o‘rta va yuqori toifa smartfonlarda 90 Hz, 120 Hz, 144 Hz kabi tezliklar keng qo‘llanilyapti. Bunday ekranlar animatsiyalarni silliq qiladi, skroll qilishda ko‘zga yoqimli harakat beradi, lekin buning evaziga ko‘proq quvvat sarflaydi. Chunki sekundiga chiziladigan kadr soni oshgani bilan energiya iste’moli ham oshadi.

Foto: Pexels

Testlar shuni ko‘rsatadiki, 120 Hz rejimi batareya umri sezilarli darajada qisqartiradi. Masalan, Samsung Galaxy S20 Ultra’da 60 Hz rejimida 12 soat 23 daqiqa veb-sayt ko‘rish imkoni bo‘lgan bo‘lsa, 120 Hz’da bu ko‘rsatkich 9 soat 15 daqiqaga tushgan. Bu taxminan 20–25% kam vaqt degani. S20+ modelida esa 120 Hz yoqilganda batareya umri uchdan biriga qisqargan. Hattoki kichikroq Galaxy S20’da 12 soatdan 7,5 soatgacha tushgan — ya’ni deyarli 36% yo‘qotish.

Protsessor (chipset) samaradorligi va quvvat tejamkorligi

Smartfonning protsessori muhim ahamiyat kasb etadi. Tez ishlashi, o‘yinlarni ko‘tarishi, ilovalarni ochishi aynan shunga bog‘liq. Chipset batareya sarfiga ham juda katta ta’sir ko‘rsatadi. Yangi avlod chiplar nafaqat kuchli, balki ancha tejamkor ham bo‘lib kelmoqda.

Foto: Pexels

Kuchli protsessor og‘ir o‘yinlarda ko‘proq energiya ishlatishi tabiiy. Lekin kundalik yengil ishlarda (messengerlar, brauzer, kamera) zamonaviy chiplar yuklamani kamaytirib, quvvatni tejaydi. Masalan, big.LITTLE arxitekturasi kuchli yadrolarni faqat zarur vaqtda yoqadi, oddiy vazifalarni esa tejamkor yadrolar bajaradi. Natijada batareya ko‘proq xizmat qiladi.

Flagman Snapdragon 8 seriyasi yoki Apple Bionic chiplari nafaqat kuchli, balki samaradorlik bo‘yicha ham juda yaxshi. O‘rta segmentdagi Snapdragon 6xx/7xx yoki MediaTek Dimensity chiplarida esa baland quvvat emas, barqarorlik va tejamkorlik ustuvor bo‘ladi.

Quvvatlash tezligi qanchalik ahamiyatli

Batareyaning o‘zi qanchalik katta bo‘lmasin, baribir zaryad tugashi mumkin. Shu sababli tezkor zaryadlash hozirgi smartfonlar uchun eng muhim imkoniyatlardan biri bo‘lib qolgan. Zaryadlash tezligi vatt (W) bilan o‘lchanadi.

Foto: Unsplash

Hozir bozorda 15W, 18W, 30W, 33W, 45W, 67W, 80W, 100W+ kabi standartlar bor. Raqam qanchalik baland bo‘lsa, telefon shunchalik tez zaryadlanadi.

Misol uchun: 5000–6000 mA/soat batareyani 10W bilan to‘ldirish 2,5–3 soatni tashkil etadi. Tajribadan ma’lumki, 80W OnePlus 13 testida bor-yo‘g‘i 30 daqiqada 92% gacha to‘ldirgan.

Batareya umriga zarar qiladimi? Zamonaviy telefonlar haroratni nazorat qiladi, zaryadning 70% gacha bo‘lgan qismi tez, keyingi qismi esa sekin to‘ldiriladi. Bu batareyani himoya qiladi. Faqat juda yuqori quvvatlarda tez-tez zaryadlash uzoq muddatda issiqlik tufayli salbiy ta’sir qilishi mumkin, lekin ishlab chiqaruvchilar buni kamaytirish uchun maxsus himoya tizimlari qo‘shishgan.

Tavsiyalar

1. Katta sig‘imli batareya tanlang. 4500 mA/soat bugungi kunda minimal standartga aylandi. 5000 mA/soat va undan yuqori sig‘im esa bir zaryadda ko‘proq vaqt yutadi. Albatta, sig‘im oshgan sari telefon biroz og‘irlashishi mumkin.

Foto: Unsplash

2. OLED displey — tejamkorlikning muhim qismi. OLED/AMOLED ekranlar quvvatni LCD’ga qaraganda kamroq sarflaydi. Yangilanish tezligida esa balans muhim. 90 Hz yoki adaptiv 120 Hz yaxshi tanlov. Agar doim 120 Hz ishlatsa, batareya tezroq ketadi. Shuning uchun zarur bo‘lgan paytlarda 60 Hz rejimga o‘tish imkoniyati bo‘lgan telefon qulay.

3. To‘gri chipsetli smartfon tanglang. 5 nm yoki 4 nm texnologiyada ishlab chiqarilgan chipsetlar nafaqat kuchli, balki tejamkor ham bo‘ladi. Agar sizga juda yuqori unumdorlik shart bo‘lmasa, o‘rta segmentdagi Snapdragon 7xx yoki MediaTek Dimensity liniyasi kundalik vazifalar uchun yetarli va batareyani ham yaxshi tejaydi.

Foto: Unsplash

4. Tezkor zaryadlash juda katta qulaylik beradi. 33W bugun yaxshi minimal ko‘rsatkich, 50–67W bilan esa yarim soatda 70–80% quvvatga erishish mumkin. Bu kun davomida telefondan uzoqlashmaslikka katta yordam beradi. Sotib olayotganda mos adaptor qutida bor-yo‘qligini ham tekshirib qo‘ying.

5. Dasturiy optimizatsiya ham juda muhim. Ba’zan apparat kuchli bo‘ladi, lekin dasturiy optimizatsiya bo‘lmasa, quvvat tez tugaydi. Shuning uchun sharhlarni o‘qib chiqing. Batareya bo‘yicha foydalanuvchilarning real fikrlarini ko‘ring. Tizimni toza saqlash, keraksiz ilovalarni o‘chirib qo‘yish, quyuq tema ishlatish va «quvvatni tejash» rejimini yoqib yurish har qanday telefonda batareya vaqtini sezilarli uzaytiradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri smartfonni zaryadlashda nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida yozgan edi.

Shuningdek