Yangi davr zaxiralari: O‘zbekiston MB nima sababdan o‘yin qoidalarini o‘zgartirmoqda

O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 2025-yil 1-noyabr holatiga qariyb $60 milliardga yetdi, ularning tarkibida oltinning ulushi 80 foizdan oshdi. Markaziy bank aktivlarni diversifikatsiya qilishni boshladi va AQSh g‘aznachilik veksellariga taxminan $1 milliard sarmoya kiritdi. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov 27-noyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Inflyatsion targetlash rejimida suzuvchi valyuta kursining ahamiyati» mavzusidagi xalqaro davra suhbatida ma’lum qildi.
Zaxiralarning maqsadi va boshqaruvning asosiy qoidalari
Olimov so‘zining avvalida zaxiralarni boshqarish falsafasiga to‘xtaldi.
«Xalqaro valyuta jamg‘armasiga ko‘ra, xalqaro zaxiralarning uchta asosiy vazifasi bor. Birinchisi – pul-kredit va valyuta siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi va mustahkamlaydi. Ikkinchisi – tashqi zaifliklarni yumshatish va tashqi zarbalarga tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi. Uchinchidan, bozorlarga mamlakat bugun va kelajakda o‘zining tashqi majburiyatlarini bajarishga qodir ekanligiga ishonch beradi», — dedi u.
Shuningdek, O‘zbekiston zaxiralarni boshqarishni uchta tamoyil asosida quradi:
«Biz uchun ustuvorlik birinchi navbatda xavfsizlik, keyin likvidlik va shundan keyingina daromadlilikdir. Chunki biz juda katta miqdordagi aktivlarni boshqaramiz va ular qandaydir daromad keltirishi kerak. Biroq, ushbu daromadlilik tamoyiliga xavfsizlik va likvidlik tamoyillariga rioya qilinganda amal qilinishi kerak», — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

Zaxiralar besh yilda qariyb ikki barobar oshdi
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-2025-yillarda O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari $29 milliarddan deyarli $60 milliardgacha ko‘paygan (2025-yil 1-noyabr holatiga ko‘ra).
Bu o‘sishning asosiy sababi valyuta emas, balki oltin qiymatining keskin ko‘tarilishidir.
«Bizning oltin zaxiralarimiz miqdori deyarli o‘zgarmadi — taxminan 12 million troya unsiyasi. Biroq narx 2020-yildagi taxminan $1,5 mingdan bugun $4 mingdan oshib ketdi», — deya izoh berdi u.
Natijada:
- oltin zaxirasining qiymati taxminan $48 milliardga yetdi,
- oltinning zaxiralardagi ulushi 81 foizgacha ko‘tarildi,
- valyuta qismi 17 foizgacha tushdi.
Zaxiradagi oltinning ulushi:
- 2020 – 56%
- 2022 – 60%
- 2023 – 64%
- 2024 – 71%
- 2025 – 78%
- 2025 (noyabr) – 81%

Oltin «xavfsiz boshpana» sifatida
Olimov oltin rolining o‘sishi faqat O‘zbekistonning tendensiyasi emasligini ta’kidladi.
«Dunyoda biz shunga o‘xshash trendni ko‘rmoqdamiz. Markaziy banklarning xalqaro zaxiralaridagi oltinning ulushi 2018-yilga nisbatan 10 foizdan 27 foizga oshdi. So‘nggi yillarda global noaniqlik, iqtisodiy noaniqlik, mamlakatlar o‘rtasidagi keskinlik va ba’zi mintaqalardagi siyosiy beqarorlik tufayli oltin o‘z ahamiyatini tikladi. Bunday omillar ta’sir qilganda, investorlar o‘z aktivlarini inflyatsiyadan, bozorning o‘zgaruvchanligidan himoya qilishga harakat qilishadi. Bunday paytlarda oltin boshpana vazifasini bajaradi va investorlar har doim oltinga sarmoya kiritadilar», — dedi u.
O‘zbekiston zaxiralari qanchalik yetarli
Ma’ruzaning ma’lum bir qismi zaxiralarning yetarliligi ko‘rsatkichlariga bag‘ishlandi.
Markaziy bank raisi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, zaxiralar hisobidan (2025-yil noyabr holatiga ko‘ra) 12 oy davomida importni moliyalashtirish mumkin, bu tavsiya etilgan 3 oydan yuqori. Qisqa muddatli tashqi qarzning qoplanishi minimal chegaraviy ko‘rsatkichdan 3,5 barobar yuqori. ARA EM (XVJ uslubi) ko‘rsatkichi minimal chegaradan 3,2 baravar yuqori. YIMga nisbatan zaxiralar – 32%, pasayish iqtisodiyotning tezroq o‘sishi bilan bog‘liq.

Nima uchun MB AQSh g‘aznachilik veksellariga sarmoya kiritishni boshladi
«Biz xalqaro zaxiralarimizni diversifikatsiya qilish deganda, odatda, bir turdagi aktivlarni boshqa turdagi aktivlarga aylantirishni nazarda tutamiz. Shuningdek, biz o‘z valyutamizni qat’iy belgilangan daromadli qimmatli qog‘ozlarga konvertatsiya qilamiz», — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.
Mamlakat tarixida birinchi marta Markaziy bank 2024-yilda zaxiralarning bir qismini qarz qimmatli qog‘ozlariga joylashtirishni boshladi.
Dastlab investitsiyalar hajmi $35 millionni tashkil etdi, keyinchalik u $1 milliardgacha ko‘tarildi.
«Biz AQSh g‘aznachilik veksellari bilan boshladik, chunki bu dunyodagi eng likvid bozor, chuqur tuzilma, yuqori shaffoflik va keng muddatlarga ega», — deya tushuntirdi Olimov.
Shuningdek, u Markaziy bank nima uchun AQSh obligatsiyalariga sarmoya kiritayotganiga izoh berdi, Federal zaxira tizimi stavkalarni pasaytirmoqda ku.
«Ha, u pasaymoqda, biroq veksellarning bozor qiymati oshmoqda. Shuning uchun biz umumiy daromadni hisoblab, tahlil qilganimizda shunday xulosaga keldik: bozor qiymati o‘sishi va daromadning umumiy hajmi qisqa muddatli omonatlarnikiga nisbatan doim yuqori bo‘ladi», — deya ta’kidladi u.

Diversifikatsiya va raqamli transformatsiya
Olimovning so‘zlariga ko‘ra, 2020-yildan boshlab O‘zbekiston Markaziy banki zaxiralarni boshqarish tizimini izchil isloh qilmoqda:
- Jahon bankining RAMP dasturiga kirish,
- 2023-yilda investitsiya qo‘mitasini tashkil etish,
- 2024-yilda aktivlarni diversifikatsiya qilishni boshlash,
- yangi IT-tizimni joriy etish uchun RFP tayyorlash.
«Boshqa turdagi aktivlar ham mavjud, masalan, korporativ obligatsiyalar yoki boshqa xalqaro moliya institutlarining obligatsiyalari. Ammo bunday obligatsiyalarga sarmoya kiritish uchun biz birinchi navbatda IT tizimimiz integratsiyasini yakunlashimiz kerak. Biz buning ustida ishlayapmiz va Jahon bankining grant dasturi yordamida biz allaqachon RFP (taklif so‘rovi) ni ishlab chiqdik. Tugatganimizdan so‘ng, boshqa turdagi aktivlarga ham sarmoya kiritish imkoniyatiga ega bo‘lamiz», — dedi u.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan sentabr oyida Markaziy Bank hali o‘z zaxiralari safiga kriptovalyutalarni qo‘sha olmasligi haqida ma’lum qilinganini yozgandi.