
O‘zbekistonda yil boshidan buyon gaz importi 16 foizga kamaydi. Bu haqda Statistika qo‘mitasining hisobotida qayd etildi.
Ma’lumotlariga ko‘ra, o‘n oyda gaz importining hajmi $1,12 mlrdni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16 foiz yoki $243 mlnga kam. 2024-yilning xuddi shu davrida $1,36 mlrdlik gaz import qilingan edi.
O‘zbekiston gaz importining oyma-oy qiymati:
| Oy | Import hajmi ($ mln) |
|---|---|
| Yanvar | 27,8 |
| Fevral | 8,0 |
| Mart | 2,7 |
| Aprel | 112,0 |
| May | 135,0 |
| Iyun | 286,3 |
| Iyul | 162,2 |
| Avgust | 151,9 |
| Sentabr | 46,4 |
| Oktabr | 190,2 |
O‘zbekistonga zangori yonilg‘i, asosan, Turkmaniston va Rossiyadan import qilingan bo‘lsa, o‘tgan o‘n oyda Xitoyga umumiy qiymati $695,58 mln bo‘lgan gaz xomashyosi yetkazib berilgan.
Gaz qazib olish bir yilda 5,3 foizga kamayib, 35,5 mlrd kub metrni tashkil etdi. Gaz kondensati ishlab chiqarish 1 mln tonnadan 930,9 ming tonnagacha tushgan.
O‘zbekistonda gaz ishlab chiqarish qisqarayotgani fonida Qozog‘iston Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish hajmini oshirishga tayyorligini ma’lum qildi. Kutilishicha, Rossiyadan O‘zbekistonga gaz tranziti yil oxirigacha 6 mlrd kub metrgacha yetishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda gaz eksporti oshgani haqida yozgan edi.