Yangiliklar

Zangiotada ekologiyaga zarar yetkazayotgan g‘isht zavodi faoliyati to‘xtatildi

«O‘rtavul oltin g‘isht» MChJ tomonidan ishlab chiqarish jarayonida ekologiya talablariga rioya qilinmagan
Zangiotada ekologiyaga zarar yetkazayotgan g‘isht zavodi faoliyati to‘xtatildi
Zangiotada ekologiyaga zarar yetkazayotgan g‘isht zavodi faoliyati to‘xtatildi / Foto: Maxsus Komissiyaning rasmiy kanali

Ijtimoiy tarmoqlarda Zangiota tumanining Tinchlik mahallasida joylashgan g‘isht zavodidan havoga zararli moddalar chiqayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Maxsus komissiya o‘rganish o‘tkazdi.

Tekshiruv davomida «O‘rtavul oltin g‘isht» MChJ tomonidan ishlab chiqarish jarayonida ekologiya talablariga rioya qilinmayotgani tasdiqlandi. Shundan so‘ng zavod faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Shuningdek, ekologik reyd davomida tumandagi plastik va sellofan mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonada jiddiy qonunbuzarlik aniqlandi. Tekshiruvda chiqindilar belgilangan tartibda qayta ishlanish o‘rniga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoqib yuborilayotgani ma’lum bo‘ldi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/11/video_2025-11-27_12-44-51.mp4
Video: Maxsus komissiya

Korxona hududidagi temirchilik ustaxonasida ham chiqindilar muntazam yoqib kelinib, havoga kanserogen moddalar va zaharli tutun tarqalgan. Maxsus komissiya holat bo‘yicha rasmiy hujjatlar rasmiylashtirilib, aybdorlarga qonuniy chora ko‘rilishini xabar qildi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati Niyozboshi qishlog‘ida ham shunday holat aniqlangan. O‘tkazilgan tungi ekologik reydda ayrim xususiy korxonalar qurilish materiallari ishlab chiqarish jarayonida chiqindilar, jumladan polietilen moddalarni yoqib kelayotgani aniqlandi. Ekologiya, prokuratura va ichki ishlar organlaridan iborat ishchi guruh korxonalar faoliyatini darhol to‘xtatdi. Hozirda tabiatga yetkazilgan zarar hisoblanmoqda.

Avvalroq ekohuquqbuzarliklar haqida xabar berganlarga undirilgan jarimaning 15 foizi berilishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, Ekonazorat axborot tizimi yoki @ecogovuzbot orqali yuborilgan foto va video dalillar asosida jarima undirilsa, ariza yuborgan fuqaro jarima summasining 15 foizini oladi.