Avto

Zeekr 8X avtomobilining rasmlari paydo bo‘ldi

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yangi modelning narxi $42 mingdan boshlanadi
Foto: CarNewsChina

Zeekr brendining yangi Zeekr 8X avtomobiliga tegishli suratlar paydo bo‘ldi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Model oltita o‘ringa ega bo‘ladi va yil oxirigacha taqdim etilishi mumkin. Zeekr 8X SEA-S platformasiga quriladi. Bu platforma 900 voltli arxitekturaga ega. Kuch tizimi 2,0 litrli ichki yonuv dvigateli va ikki elektromotordan tashkil topgan gibrid tizimga asoslanadi. Umumiy quvvati 544 ot kuchi bo‘ladi. 0 – 100 km tezlanishi 4,9 soniya – bu ko‘rsatkich Li Auto L8 va Aito M8’dan tezroq.

Foto: CarNewsChina

Model 55 va 70 kVt/soatlik akkumulyatorlarga ega variantlarda taklif qilinadi. Faqat elektrda harakatlanish masofasi 400 km dan oshadi (CLTC bo‘yicha). Umumiy yurish masofasi esa 1200 km dan yuqori bo‘ladi. Gibrid versiya o‘rtacha 5,1 litr yoqilg‘i iste’mol qiladi.

Salonda 2+2+2 o‘rindiqlar tartibi qo‘llaniladi. Nappa charmidan tayyorlangan o‘rindiqlar shamollatish, isitish va massaj funksiyalariga ega bo‘ladi. Ikkinchi qatordagi o‘rindiqlar esa alohida qulaylik taklif qiladi.

Zeekr 8X 14,6 dyuymli markaziy multimedia ekrani, 8,8 dyuymli raqamli asboblar paneli va lidarga ega ilg‘or avtopilot tizimi bilan jihozlanishi kutilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yangi modelning narxi $42 mingdan boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Zeekr kompaniyasi joriy yilning uchinchi choragida 4,4 mlrd dollar daromad qilgani haqida yozgan edi.