Avto

12 ming dollarlik Geely Haoyue L avtomobili taqdim etildi

Modelning narxi $12 mingdan boshlanadi
Foto: CarNewsChina

Geely Xitoy bozorida Geely Haoyue L modelining yangilangan versiyasini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Modelning narxi $12 mingdan boshlanadi. Haoyue L 27-noyabr kuni sotuvga chiqarildi. Yangilanishlar orasida 1,5 litrli yangi turbo dvigatel bor. U 2,0 litrli versiyaga nisbatan arzonroq variant bo‘lib, modelni o‘rta o‘lchamli SUV toifasida qoldiradi.

Tashqi ko‘rinishda ham o‘zgarishlar seziladi. Ko‘p burchakli yangi radiator panjarasi, yangilangan bamper, kattalashtirilgan bezak havo kanallari va Geely’ning vertikal chiziqli panjara uslubi saqlangan. O‘lchamlari o‘zgarmagan: uzunligi 4865 mm, eni 1910 mm, balandligi 1770 mm, bazasi 2825 mm. Yuqori komplektatsiyalar 20 dyuymli disklar bilan, qolganlari 19 dyuymli g‘ildiraklar bilan chiqadi.

Foto: CarNewsChina

Salon yanada oilaviy formatda qayta ishlangan. 14,6 dyuymli markaziy sensorli ekran, 10,2 dyuymli raqamli panel va Flyme Auto tizimi mavjud. Ikki xil salon rangida taklif qilinadi. Kengaytirilgan versiyalarda L2 darajadagi haydovchiga yordam tizimi, adaptiv kruiz, to‘qnashuv ogohlantirishlari, yo‘lakdan chiqishni nazorat qilish funksiyasi va 540 darajali kamera tizimi bor.

Eng katta o‘zgarishlardan biri o‘rindiqlar tizimida qilingan. Endi model 5 o‘rindiqli, 6 o‘rindiqli va ixtiyoriy 7 o‘rindiqli variantlarda taklif etiladi. 6 o‘rindiqli versiyada ikkinchi qatorda isitish, ventilyatsiya va massajga ega ikkita mustaqil kreslo bo‘ladi. 7 o‘rindiqli varianta esa uchinchi qator to‘liq yotqizilib, yuk hajmi 2050 litrgacha oshadi.

Foto: CarNewsChina

Haoyue oilasi 2020 yildan beri Geely’ning o‘rta sinf SUV segmentidagi asosiy modellardan biri. Haoyue L versiyasi 2022 yildan boshlab kuchliroq va boyroq jihozlangan variant sifatida taklif qilinadi. 2026-yil uchun yangilanish esa moslashuvchan o‘rindiq variantlari va arzonroq kirish narxi bilan raqobatni yanada kuchaytiradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangilangan Geely Okavango taqdim etilgani haqida yozgan edi.