Alibaba 537 dollarlik aqlli ko‘zoynaklarini taqdim etdi

28-noyabr 2025 10:19 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: South China Morning post

Alibaba Group Xolding Xitoyda o‘zining ilk sun’iy intellekt asosidagi aqlli ko‘zoynaklarini — Quark SI Glasses’ni rasman taqdim etdi. Bu haqda South China Morning post nashri xabar berdi.

Yangi qurilma kompaniyaning Quark SI yordamchisi nomi bilan atalgan bo‘lib, ular ikki liniyada taqdim etildi: flagman S1 modeli (uch xil konfiguratsiya) va yengilroq G1 modeli (uch versiya).

Alibaba vitse-prezidenti Vu Szyaning aytishicha, SI ko‘zoynaklar sun’iy intellekt davrida inson va texnika o‘rtasidagi munosabatni tubdan o‘zgartiradigan qurilma bo‘lib, ular ahamiyatiga ko‘ra smartfonlardan kam emas.

Texnik imkoniyatlar va narxlar

  • S1 modeli — 3 799 yuandan (taxminan $537) boshlanadi.
    Unda Qualcomm Snapdragon AR1 protsessori va kam quvvat sarflovchi qo‘shimcha chip qo‘llangan. Qurilma ovozli savollarga javob berish, real vaqt tarjimasi, to‘lovlar, navigatsiya kabi funksiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi.
  • G1 modeli — 1 899 yuandan boshlanadi, og‘irligi 40 gramm.
    U S1 bilan bir xil asosiy apparat tizimiga ega, biroq displeysiz.

Quark SI ko‘zoynaklari bozorda Meta, Rokid va Xiaomi kabi kompaniyalarning aqlli ko‘zoynaklariga jiddiy raqib bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: Reuters

Alibaba iyul oyidagi namoyishidan so‘ng katta qiziqish uyg‘otgan ushbu qurilmalar uchun oktabr oxirida ichki bozorda oldindan buyurtmalarni ochdi. Ko‘zoynaklar hozircha faqat Xitoyda — Taobao, JD.com va Douyin platformalarida sotuvga chiqarilgan. Kompaniya xalqaro bozorga chiqish rejalari haqida ma’lumot bermagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan sentabr oyida Meta yangi aqlli ko‘zoynaklarni taqdim etgani haqida yozgandi.

Shuningdek