
Alibaba Group Xolding Xitoyda o‘zining ilk sun’iy intellekt asosidagi aqlli ko‘zoynaklarini – Quark SI Glasses’ni rasman taqdim etdi. Bu haqda South China Morning post nashri xabar berdi.
Yangi qurilma kompaniyaning Quark SI yordamchisi nomi bilan atalgan bo‘lib, ular ikki liniyada taqdim qilindi: flagman S1 modeli (uch xil konfiguratsiya) va yengilroq G1 modeli (uch versiya).
Alibaba vitse-prezidenti Vu Szyaning aytishicha, SI ko‘zoynaklar sun’iy intellekt davrida inson va texnika o‘rtasidagi munosabatni tubdan o‘zgartiradigan qurilma bo‘lib, ular ahamiyatiga ko‘ra smartfonlardan kam emas.
Texnik imkoniyatlar va narxlar
- S1 modeli — 3 799 yuandan (taxminan $537) boshlanadi.
Unda Qualcomm Snapdragon AR1 protsessori va kam quvvat sarflovchi qo‘shimcha chip qo‘llangan. Qurilma ovozli savollarga javob berish, real vaqt tarjimasi, to‘lovlar, navigatsiya kabi funksiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi. - G1 modeli 1 899 yuandan boshlanadi, og‘irligi 40 gramm.
U S1 bilan bir xil asosiy apparat tizimiga ega, biroq displeysiz.
Quark SI ko‘zoynaklari bozorda Meta, Rokid va Xiaomi kabi kompaniyalarning aqlli ko‘zoynaklariga jiddiy raqib bo‘lishi kutilmoqda.

Alibaba iyul oyidagi namoyishidan so‘ng katta qiziqish uyg‘otgan ushbu qurilmalar uchun oktabr oxirida ichki bozorda oldindan buyurtmalarni ochdi. Ko‘zoynaklar hozircha faqat Xitoyda — Taobao, JD.com va Douyin platformalarida sotuvga chiqarilgan. Kompaniya xalqaro bozorga chiqish rejalari haqida ma’lumot bermagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan sentabr oyida Meta yangi aqlli ko‘zoynaklarni taqdim etgani haqida yozgandi.