Yangiliklar

Byurokratiyani kamaytirish boʻyicha O‘zbekistonda BAA tajribasi joriy etilishi mumkin

Shavkat Mirziyoyev BAAning Hukumat ishlari vaziri bilan uchrashdi
Byurokratiyani kamaytirish boʻyicha O‘zbekistonda BAA tajribasi joriy etilishi mumkin
Byurokratiyani kamaytirish boʻyicha O‘zbekistonda BAA tajribasi joriy etilishi mumkin / Foto: prezident matbuot xizmati

Byurokratiyani kamaytirish boʻyicha O‘zbekistonda BAA tajribasi joriy etilishi mumkin. Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)ning Hukumat ishlari vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat do‘stligi va strategik sherikligini yanada mustahkamlash, shuningdek, joriy yil yanvarida BAAga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Foto: prezident matbuot xizmati

Keyingi yillarda BAA hukumati bilan 40 dan ortiq yoʻnalishlarda 300 dan ziyod tashabbuslar, jumladan, «Hukumat akseleratori», «Bir million dasturchi» va «Yosh yetakchilar» kabi muhim dasturlar amalga oshirilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shu bilan birga, byurokratiyani kamaytirish va sun’iy intellekt sohasida 5 million nafar prompt-muhandisni oʻqitish boʻyicha BAAning ilg‘or tajribasini joriy etish rejalashtirilmoqda. Uchrashuv yakunida prezident Mirziyoyev va vazir al-Gargaviy O‘zbekiston-BAA munosabatlari tarixiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdi.

Avvalroq Navoiyda BAA kompaniyalari tomonidan ikki yirik energiya saqlash tizimi qurilishi xabar qilingandi. 2–6-noyabr kunlari Abu Dabida ENACT Majlis va ADIPEC-2025 xalqaro forumlari bo‘lib o‘tdi. Unda BAA kompaniyasi bilan Navoiyda energiya saqlash tizimini qurish bo‘yicha shartnoma tuzildi.