
Damas avtomobili o‘zbekistonlik tomonidan eng xo‘p xarid qilinadigan modellar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni egalaydi. Misol uchun, yanvar-oktabr oylarida jami 88,7 ming dona sotilgan. «Kursiv» nashrining ushbu maqolasida Chevrolet Damas avtomobilining xavfsizlik ko‘rsatkichlari haqida so‘z boradi.
Mundarija:
Passiv xavfsizlik tizimlari
Passiv xavfsizlik tizimlari avtohalokat vaqtida yo‘lovchilarni himoya qilish uchun xizmat qiladi. Bunga kuzovning mustahkamligi, deformatsiya zonalari, xavfsizlik yostiqchalari va xavfsizlik kamarlar kiradi. Chevrolet Damas esa bu borada juda cheklangan imkoniyatlarga ega.

Modelning asosiy konstruksiyasi 1980-yillarda ishlab chiqilgan. Kuzov zamonaviy xavfsizlik standartlariga mos ravishda mustahkamlanmagan. Damas’ning old qismi qisqa bo‘lgani sababli zarba energiyasini yutuvchi deformatsion hudud deyarli yo‘q. Dvigatelning o‘rindiq ostiga joylashgani esa jiddiy to‘qnashuvlarda xavfni yanada kuchaytiradi.
Damas’da havo yostiqchalari umuman o‘rnatilmagan. Yo‘lovchilar faqat xavfsizlik kamarlariga tayanishga majbur.

So‘nggi yillarda model biroz yangilangan. Orqa o‘rindiqlar uchun 3 nuqtali xavfsizlik kamarlar qo‘shilgan. Old o‘rindiqlarda esa avariya paytida tortiluvchi maxsus moslama mavjud. Damas to‘liq yoritish tizimi bilan ham jihozlangan. Unda qo‘shimcha stop-chiroq va orqa tuman chirog‘i bor. Bu elementlar tunda yoki tumanli havoda ko‘rinishni yaxshilaydi.
Ammo havo yostiqchalari yo‘qligi va karkasning yetarlicha mustahkam emasligi bu choralarni samarali qilishga yetmaydi. Mutaxassislar 21-asr avtomobilida faqat xavfsizlik kamarlariga tayanish xavfli ekanini qayd etadi.
Damas avtomobilida aktiv xavfsizlik
Aktiv xavfsizlik tizimlari avtohalokatning oldini olishda muhim rol o‘ynaydi. Bu tizimlar mashinani barqaror ushlab turadi, sirpanishni kamaytiradi va tormoz masofasini yaxshilaydi. Ularga ABS, barqarorlikni nazorat qilish tizimi (ESP), tortish kuchini boshqarish va turli sensorlar kiradi. Chevrolet Damas esa bu borada zamonaviy talablarni deyarli qondira olmaydi.

Damas oddiy gidravlik tormoz tizimi bilan cheklanadi. Old g‘ildiraklarda disk tormozlar, orqada esa baraban tormozlar qo‘llangan. Bu qurilmalar doimiy tormozlanishni ta’minlashi aytiladi. Ammo avtomobilda ABS yo‘q. Shuning uchun to‘satdan tormoz berilganda g‘ildiraklar qulflanishi, mikroavtobusning sirpanib ketishi va boshqaruv yo‘qolishi ehtimoli yuqori bo‘ladi.
Modelda stabilizatsiya tizimi (ESP) ham mavjud emas. Favqulodda tormoz yordamchisi, tortish kuchini nazorat qilish yoki yo‘l sharoitini kuzatuvchi elektron modullar ham qo‘shilmagan. Hatto oddiy xavfsizlik eslatmalari, masalan, xavfsizlik kamarini taqmaganda ogohlantiruvchi signal yoki orqa kamera ham ko‘zda tutilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt tez eskirmasligi uchun nima qilish kerakligi haqida yozgan edi.