Avto

Chevrolet’ning noyob avtomobili auksionga qo‘yildi — foto

Mazkur avtomobil salonni tark etganidan beri atigi 16 ming mil masofa bosgan
Chevrolet Beretta GT Indy Pace Car Edition avtomobili / Foto: GMAutority

1990-yilgi Chevrolet Beretta GT Indy Pace Car Edition avtomobili auksionga qo‘yildi. Bu haqda GMAutority xabar bermoqda.

Mazkur avtomobil ishlab chiqarilganidan beri atigi 16 ming mil (25,7 km) masofa bosgan. 1990-yilda chiqarilgan 7,5 ming dona Indy Pace Car Edition’dan 1,5 mingtasi sariq, 6 mingtasi esa ko‘k-yashil rangda bo‘lgan. Modellar GTZ bazasida ishlab chiqarilib, kuzov rangidagi panjara, qizil Chevrolet Motorsports logotipi, aerodinamik qo‘shimchalar, 16 dyuymli aluminiy disklar va maxsus dekor elementlari bilan ajralib turgan.

Foto: GMAutority

Salonda charm bilan qoplangan rul, maxsus matoli o‘rindiqlar, konditsioner, sport boshqaruv paketi va P205/55R16 Goodyear Eagle GT+4 shinalari mavjud bo‘lgan. Shuningdek, elektron asboblar paneli, kruiz nazorati, elektr oynalar, elektr qulf, quyosh lyugi va AM/FM/Cassette audio tizimi taklif etilgan.

Model GM’ning 3,1 litrli 135 ot kuchiga ega LHO V6 dvigateli bilan jihozlangan. Xaridorlar 5 pog‘onali mexanika yoki 3 pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisidan birini tanlashi mumkin edi.

Foto: GMAutority

Auksionda sotilayotgan ushbu nusxa toza Carfax hisobotiga ega. Idaho shtatidan olingan asl hujjatlar, servis yozuvlari, foydalanilmagan detallar va original narx yorlig‘i ham mashina bilan birga beriladi. Asl chiqish narxi $16,5 ming bo‘lgan.

Mashina umumiy holatda juda yaxshi saqlangan. Ba’zi mayda tirnalishlar va old lip qismidagi kichik shikastlar bundan mustasno.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chevrolet eski modelini yangilagani haqida yozgan edi.