Yangiliklar

Dollar kursi o‘zgarishiga 2026-yilda qaysi omillar ta’sir qiladi

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov ma’lumot berdi
Dollar kursi o‘zgarishiga 2026-yilda qaysi omillar ta’sir qiladi / Foto: depositphotos

2026-yilda dollar kursining o‘zgarishiga bir vaqtning o‘zida bir nechta tashqi va ichki omillar ta’sir qiladi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan xalqaro davra suhbatida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

Achilovning aytishicha, tashqi omillar qatoriga tashqi savdo hamkorlaridagi vaziyat, u yerda kurs va inflyatsiya darajasi, shuningdek, iqtisodiy faollik kiradi.

Nodirbek Achilov dollarga ta’sir qiladigan omillar haqida / Foto: Markaziy bank

«Bundan tashqari, toʻgʻridan toʻgʻri biz bilan bogʻliq boʻlgan omillar – eksport tushumlari, pul oʻtkazmalaridan tushumlar, xorijiy kredit liniyalari va xorijiy investitsiyalardan tushumlar. Bu oʻz-oʻzidan bozorda taklifni shakllantirib, bozor dinamikasini belgilab beruvchi omil hisoblanadi», – deya aniqlashtirgan u.

Achilov ichki omillar qatoriga kreditlarning hajmi, naqd pul hajmi, pul muomalasidagi oʻzgarishlar va kreditga boʻlgan talabni kiritgan. Unga ko‘ra, bu omillar birgalikda bozordagi taklif va talabni belgilab, valyuta kursining umumiy dinamikasini shakllantiradi.

Nodirbek Achilov dollarga ta’sir qiladigan omillar haqida / Foto: Markaziy bank

Markaziy bank raisi o‘rinbosari yaqin yarim yilda bir qator omillarda ijobiy tendensiya kuzatilayotganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, eksport tushumlari yaxshi o‘sishda davom etmoqda, shuningdek, toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi ham oshmoqda.

«Toʻqqiz oy yakunlari boʻyicha toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar $15,4 milliardni tashkil etdi. Bu ham juda katta omil. Xuddi shu tendensiyalar, bu ijobiylikning saqlanib qolishini kutyapmiz va umuman olganda iqtisodiyotimizdagi oshib borayotgan, birinchidan, samaradorlik va shu bilan birgalikda ochiqlik, mana, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlyapmiz, undan tashqari, qoʻshnilar bilan munosabatlarimizning yaxshilanishi, bu albatta yurtimizga kelgusida kirib keladigan moliyaviy resurslar hajmini oshiradi. Albatta, bu ijobiy omil hisoblanadi», – deydi Achilov.

Avvalroq Markaziy bank raisi Timur Ishmetov so‘m dollarga nisbatan yil boshidan beri 7 foizga mustahkamlanganini aytgandi. Markaziy bank rahbari ta’kidlashicha, Markaziy bank o‘zining narxlar va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha mandatiga qat’iy sodiq.