Yangiliklar

“El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan maqsadli stajirovka tartibi tasdiqlandi

Nomzodlar ayrim talablarga mos kelishi lozim
«El-yurt umidi» jamg‘armasi hisobidan maqsadli stajirovka tartibi tasdiqlandi / Foto: Atrium Global

Hukumat «Istiqbollik mutaxassislarning “El-yurt umidi» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan maqsadli stajirovka tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqladi. Ushbu nizom stajirovkaga nomzodlarni tanlash va yuborish tartibini belgilaydi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Nizomga muvofiq, nomzodlarni saralash va stajirovkaga yuborish Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Buyurtmachi tashkilotlar har yili 10-noyabrga qadar kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini lavozim va yo‘nalishlar kesimida agentlikka taqdim etadi. «El-yurt umidi» jamg‘armasi Boshqaruv kengashi esa 15-yanvarga qadar stajirovka dasturining xorijiy mamlakatlar kesimidagi kvotalarini tasdiqlaydi.

Nomzodlar ro‘yxatini shakllantirishda quyidagilar inobatga olinadi. Ular stajirovka dasturiga mos mutaxassislik bo‘yicha kamida 3 yillik ish tajribasi, jumladan, so‘nggi 12 oy davomida ushbu sohada faoliyat yuritgan bo‘lishi lozim.Shuningdek, davlat tilini bilishi; stajirovka o‘tash rejalashtirilgan xorijiy tashkilotdan shartsiz taklifnomaga ega bo‘lishi shart.

Nomzodlarni saralash tartibi test sinovlari va suhbatlardan iborat. Test sinovlaridan 71 foiz va undan yuqori natija olganlar suhbat jarayoniga jalb qilinadi. Tanlov natijasida g‘olib deb topilgan mutaxassislar jamg‘arma, agentlik, buyurtmachi tashkilot va moliyaviy (qo‘shimcha) kafil o‘rtasida shartnoma tuziladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «El-yurt umidi» jamg‘armasi 2025-yilgi 1-ochiq stipendiya tanlovi natijalarini e’lon qilingan edi.