“Eng yaxshi ixtiro” nominatsiyasi boʻyicha respublika tanlovi oʻtkaziladi

2026-yildan boshlab «Eng yaxshi ixtiro» va boshqa intellektual mulk sohasidagi nomzodlarni rag‘batlantirish bo‘yicha respublika tanlovi o‘tkazib boriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan tadbirkorlarning barqarorlik reytingini aniqlashda intellektual mulk huquqbuzarliklari uchun sud javobgarlik choralari qo‘llangan holatlar reyting ballarini kamaytiruvchi omil hisoblanadi. Shuningdek, tovar belgilariga ega bo‘lish qo‘shimcha ball beradi.
Bundan tashqari, intellektual mulk obyektlariga doir himoya hujjatlari (guvohnoma, patent) dublikati to‘lov asosida onlayn shaklda beriladi. Intellektual mulk sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun maxsus ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.
Intellektual mulk obyektlarini boshqarish bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Milliy universitetida, 2029/2030 o‘quv yiliga qadar esa kamida to‘rtta oliy ta’lim muassasasida amalga oshiriladi.
2026-yildan boshlab har yili quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha respublika tanlovi o‘tkaziladi:
- «Eng yaxshi ixtiro», «Eng yaxshi foydali model»;
- «Eng yaxshi sanoat namunasini»;
- «Eng yaxshi EHM dastur va ma’lumotlar bazasi»;
- «Eng yaxshi seleksiya yutug‘i».
Har bir nominatsiyada 1-, 2- va 3-o‘rin egalariga BHMning 150, 125 va 100 baravari miqdorida mukofot puli taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «El-yurt umidi» jamg‘armasi hisobidan maqsadli stajirovka tartibi haqida yozgan edik.