
Farg‘ona viloyatida noqonuniy tarzda dori vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxs faoliyati fosh etildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hodisa viloyatdagi O‘zbekiston tumanida yashovchi, 1990-yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli noturar binoda aniqlangan. Mazkur manzilda tegishli hujjatlarsiz va sanitariya talablariga zid sharoitda saqlangan jami 66 turdagi 41319 dona dori vositasi topildi. Tekshiruvda ularning 56 turidagi 36 361 dona mahsulot uchun muvofiqlik sertifikatlari mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlangan dori vositalarining umumiy qiymati 1,56 mlrd so‘mni tashkil etadi. Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 186³-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada kuchli ta’sirga ega dori vositalari savdosiga chek qo‘yilgan edi.