Fan

Ingliz tilini o‘rganishga yordam beradigan bepul sayt va ilovalar

Dunyo bo‘ylab milliondan ortiq ingliz tili o‘rganuchilari ishonchiga sazovor bo‘lgan platformalar saralab olindi
Ingliz tilini o‘rganishga yordam beradigan bepul sayt va ilovalar / Foto: E-planet

Ingliz tilini mustaqil ravishda o‘rganish bugun bir qator sayt va ilovalar tufayli yanada osonlashdi. Ko‘plab bepul platformalar millionlab o‘rganuvchilarga grammatika, so‘z yodlash, tinglab tushunish, talaffuz va gapirish ko‘nikmalarini oshirishga yordam berib kelmoqda. Kursiv Uzbekistan ular orasidan eng ishonchlilarini tanlab oldi va mazkur manbalar haqida ma’lumotlar tayyorladi.

Quyida bepul platforma va saytlar haqida bilib olasiz:

Foto: Duolingo

Duolingo

Duolingo oyiga 35 mlndan ortiq faol foydalanuvchiga ega bo‘lgan dunyodagi eng mashhur bepul til o‘rgatuvchi ilovalardan biridir. Unda til o‘rganuvchilar lug‘at, grammatika, tinglab tushunish, talaffuz, o‘qish va yozish ko‘nikmalarini mashqlar orqali mustahkamlaydi. «Stories», «Practice», reyting tizimi, XP va Streak kabi o‘yinlashtirilgan imkoniyatlar o‘rganish jarayonini osonlashtiradi. Platformada 40 dan ortiq tilni bepul o‘rganish, o‘z darajangizni kuzatish va real kontekstlarda so‘zlashuvni mustahkamlash mumkin.

Foto: Duolingo

Bundan tashqari, platformaning o‘zida ham kurslarni tugatganlar uchun ichki badge va tasdiqlovchi sertifikatlar beriladi. «Music» va «Math» bo‘limlari orqali foydalanuvchilar qo‘shimcha ko‘nikmalarni ham rivojlantirishi mumkin. Bu esa Duolingoni yanada universal o‘quv platformasiga aylantiradi.

Foto: Gurully

Duolingo sertifikati

Duolingo English Test (DET) ingliz tilini sertifikatlash uchun mo‘ljallangan onlayn imtihon bo‘lib, ona tili ingliz bo‘lmaganlar uchun yaratilgan. Testda til ko‘nikmalari 10–160 ball oralig‘ida baholanadi va uni rasmiy sertifikat taqdim etiladi. DET narxi odatda $70 atrofida. Testni xohlagan vaqtda, uy sharoitida, kompyuter orqali topshirish mumkin.

Imtihon taxminan 1 soat davom etadi va natijalar odatda 48 soat ichida olinadi (qo‘shimcha to‘lov evaziga natijani tezkor olish ham mumkin). DET sertifikatlari ko‘plab mamlakatlardagi ayrim ta’lim muassasalarida rasmiy kuchga ega. Shu sababli DET talabalar, immigratsiya arizasini topshirayotganlar va ishga joylashmoqchi bo‘lganlar orasida ommabop hisoblanadi.

Foto: BBC Learning English

BBC Learning English

BBC Learning English 1943-yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan ingliz tili o‘rgatuvchi yana bir ommabop platforma bo‘lib, grammatika, lug‘at, talaffuz, tinglab tushunish, o‘qish va yozish ko‘nikmalarini o‘stirishga qaratilgan. Saytda boshlang‘ich (A1–A2), o‘rta (B1–B2) va yuqori (C1–C2) darajadagi foydalanuvchilar uchun darslar mavjud. Platforma video va audio darslar, interaktiv mashqlar, transkriptlar, lug‘atlar ro‘yxati va grammatik qoidalar bo‘limlarini taklif etadi, bu orqali foydalanuvchilar nafaqat kitobiy, balki kundalik hayotdagi iboralarni ham o‘rganishlari mumkin.

Foto: BBC Learning English

Platformaning mashhur bo‘limlaridan «6 Minute English» kerakli mavzular asosida qisqa audio‑video darslar, «The English We Speak» esa kundalik suhbat va idiomalarni o‘rgatadi. Bundan tashqari, yangiliklar tili, professional ingliz tili va so‘zlashuv uslubidagi ingliz tilini o‘rgatadigan materiallar ham mavjud. Barcha resurslar bepul va turli xildagi formatlarda taqdim etilgan.

Foto: Habr

Lingualeo

Lingualeo ingliz tilini interaktiv va moslashtirilgan usulda o‘rgatadigan onlayn platforma bo‘lib, foydalanuvchi darajasiga mos ta’lim rejasini yaratadi. Saytda grammatika mashqlari, keng lug‘at bazasi, matnlar, audio/videolar, o‘qish va tinglab tushunish mashqlari mavjud. Har bir foydalanuvchi til darajasini aniqlovchi testdan oʻtadi, va shunga ko‘ra Lingualeo unga individual o‘quv rejasini taklif etadi. Platforma allaqachon 23 mlndan ortiq foydalanuvchi ishonchiga sazovor bo‘lgan.

Foto: English with Lingualeo

Shuningdek, Lingualeo foydalanuvchilarga so‘z yodlash va mustahkamlash, talaffuz bilan shug‘ullanish, real matn va videolar orqali tilga tushunishni oshirish imkoniyatini beradi. Masalan, foydalanuvchi tinglaydigan audio, videolar, maqolalar, hikoyalar, hatto qo‘shiqlar va film kliplari orqali tilni tabiiy muhitdan o‘rganadi. Bundan tashqari interaktiv testlar, «flashcard»lar, lug‘at murabbiylari va foydalanuvchi so‘zlariga yangi so‘zlarni qo‘shish funksiyasi mavjud bo‘lib, til kursini o‘z ehtiyojingizga moslashga imkon beradi.

Foto: Cambridge English

Cambridge English

Cambridge English ingliz tilini mustahkamlash va imtihonlarga tayyorlanish uchun keng qamrovli resurslar taqdim etuvchi rasmiy platformadir. Saytda o‘qish, yozish, tinglab tushunish va gapirish ko‘nikmalarini shakllantiradigan bepul onlayn mashqlar topish mumkin. Mashqlar darajasi CEFR — A1 dan C2 gacha mos keladi. Bundan tashqari, yozma ingliz tilini yaxshilash uchun Write & Improve vositasi mavjud. Unda yozgan matnni kiritish orqali bir necha soniya ichida tahlil va takliflar taqdim etiladi.

Foto: Cambridge English

Cambridge English shuningdek, rasmiy imtihonlarga tayyorlanish uchun ham keng resurslar bazasi mavjud. Sayt orqali bepul yuklab olinadigan namunaviy test formatlari, lug’atlar va qo‘llanmalar imtihon tuzilishini oldindan tushunishga va amaliy mashq qilishga yordam beradi. Barcha til o‘qituvchilari va mustaqil o‘rganuvchi saytdagi dars rejalari, mashq materiallari, hamda testga tayyorlovchi qo‘llanmalardan bepul foydalanishlari mumkin.

Foto: Tech & Learning

Quizlet

Quizlet onlayn va mobil qurilmalarda ishlaydigan «flash‑card»ar va interaktiv o‘rganish platformasi bo‘lib, til o‘rganuvchilarga o‘zlari uchun lug‘at, grammatik qoidalar, testlar yoki mavzu bo‘yicha kartochkalar yaratish imkonini beradi. Tizimda minglab oldindan tayyorlangan «study set»lar mavjud. Kartochkalar matn, audio va rasm shaklida bo‘lishi mumkin.

Foto: Quizlet

Quizlet bir nechta o‘rganish rejimlarini taklif etadi: klassik «Flashcards» (kartochkalarni ko‘rib yodlash), «Write/Spell» (eshitib yozish, to‘g‘ri imlo), «Learn» va «Test» rejimlari (savol‑javob va test shaklida mashqlar), shuningdek o‘yin uslubidagi «Match», «Gravity» va «Live» rejimlari mavjud. Bu turli uslublar til o‘rganishni monotonlikdan chiqib, interaktiv va qiziqarli qiladi, hamda so‘zlarni, grammatikani va talaffuzni samarali mustahkamlashga yordam beradi.

Foto: Apkmody

Memrise

Memrise til o‘rgatishda asosan «spaced repetition» (oraliqli takrorlash) texnologiyasidan foydalanadi — bu usul yangi so‘zlar va iboralarni uzoq muddatli xotirada saqlashga yordam beradi. Har bir so‘z yoki ibora sizning javoblaringiz va xotirlash darajangizga qarab vaqti-vaqti bilan qayta takrorlanadi, qiyin topshiriqlar ko‘proq, osonlari esa kamroq paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, Memrise ingliz tilini nafaqat «text — tarjima» shaklida, balki real hayotga yaqin inglizzabon notiqlar videolari va dialoglar orqali o‘rgatadi.

Foto: Memrise

Memrise’da siz individual ehtiyojlaringizga mos kurslar tanlashingiz mumkin. Masalan, kundalik muloqot, sayohat, biznes ingliz tili yoki texnik sohalar uchun maxsus kurslar mavjud. Ilova foydalanuvchiga qulay tarzda mobil qurilma yoki kompyuter dasturi shaklida ishlaydi, va kundalik mashqlar, audio, video darslar, lug‘at yodlash, gapirish va tinglab tushunish kabi ko‘plab ko‘nikmalarni bitta platformada birlashtiradi.

Foto: Tech & Learning

TED & TED-Ed

TED-Ed keng ko‘lamli bepul ta’lim platformasi bo‘lib, animatsiya formatidagi darslar, interaktiv video-mashg‘ulotlar va mustaqil o‘rganish uchun darsliklarni taklif etadi. Undagi videolar real, tabiiy nutq asosida yaratilgan va fan, tarix, texnologiya, psixologiya, san’at va madaniyat kabi ko‘plab sohalarni ingliz tilida yoritib beradi. Har bir darsda toza, ravon talaffuz, boy lug‘at va kontekstual iboralar qo‘llanadi. Bu esa listening (tinglab tushunish), speaking (talaffuz va ohangni eshitib o‘rganish) hamda vocabulary (lug‘at boyligi)ni tabiiy tarzda rivojlantiradi. Videolarga qo‘shimcha ravishda «Think» bo‘limidagi savollar mazmunni chuqur tushunishga yordam beradi, «Dig Deeper» esa mavzu bo‘yicha ingliz tilida qo‘shimcha manbalar beradi.

Foto: TED-Ed

Shuningdek, TED-Ed’ning interaktiv dars yaratish funksiyasi ingliz tili o‘rganuvchilar uchun katta ustunlik beradi. O‘quvchi yoki o‘qituvchilar istalgan videodan shaxsiy dars tuzib, unga savollar, muhokamalar, grammatik izohlar, leksik mashqlar va qo‘shimcha matnlar qo‘shishi mumkin. Bu imkoniyat ingliz tilini o‘rganishni fanlar bilan integratsiya qiladi. Masalan, biologiya haqidagi video orqali ilmiy atamalarni, tarix videosi orqali voqea-hodisalar bilan bog‘liq so‘zlarni, psixologiya mavzusi orqali mavhum iboralar va akademik tilni o‘rganish mumkin bo‘ladi. Natijada TED-Ed nafaqat ingliz tilini o‘rgatadi, balki ingliz tilida turli fanlarni tushunish qobiliyatini ham shakllantiradi. O‘quvchi esa parallel ravishda ham akademik ham kasbiy tomonlama rivojlanadi.

Foto: Balenoseeducation

Manbalardan samarali foydalanish

Har kuni qisqa bo‘lsa ham muntazam mashq qilish yaxshi natija beradi. Bir vaqtning o‘zida bir nechta manbadan foydalanish maqsadga muvofiq: biri lug‘at boyitish uchun, biri tinglab tushunishni rivojlantirish uchun, yana biri talaffuzni to‘g‘rilash uchun xizmat qiladi.

Darajangizga mos kontent tanlash muhim albatta. Juda og‘ir yoki juda yengil material ishtiyoqni pasaytirishi mumkin. O‘rgangan mavzularni mustahkamlash uchun ovozli yozuvlar yoki qisqa matnlardan foydalanish foydali bo‘ladi. Haftalik yoki oylik reja tuzish esa jarayonni yanada tizimli va samarali qiladi.

Foto: Unicaf

Xulosa

Ingliz tilini o‘rganish bugungi kunda qimmat narxdagi kurslarsiz ham mumkin. Internetda mavjud bepul platformalar so‘z boyligini kengaytirish, tinglab tushunish, grammatika bo‘yicha bilimlarni mustahkamlash va amaliy suhbat ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun qo‘l keladi.

Shunday ekan, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish orqali til o‘rganuvchilar nafaqat mablag‘larini, balki vaqtlarini ham tejashlari mumkin. Egallangan bilim esa kelajakda ikki baravar foyda keltiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2+6 dasturi doirasida til o‘rganishga subsidiya ajratilishi haqida xabar bergan edik.