
«Oʻzbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga koʻra, Markaziy bank huzurida $50 mlnlik ustav jamgʻarmasiga ega venchur fondi hamda innovatsion xab tashkil etilishi belgilangan. Ushbu ikki tuzilma startaplar uchun moliyaviy koʻmak, mentorlik, treninglar va akseleratsiya dasturlarini birlashtirgan yagona platforma sifatida ishlaydi.
Fintex bozorini kengaytirish maqsadida 2030-yilgacha sohadagi startaplarga $1 mlrd hajmida xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi. Shuningdek, bozorda faoliyat yurituvchi kompaniyalar soni kamida 200 taga yetkazilishi rejalashtirilgan. Milliy fintex strategiyasi esa sohaning barcha yoʻnalishlarini yagona tizim asosida boshqarib boradi.
2026-yil 1-yanvardan innovatsion xab ishtirokchilariga moliyaviy texnologiyalar boʻyicha kurslarda oʻqish va sertifikat olish bilan xarajatlarining 50 foizigacha qismi, biroq 20 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.
Shuningdek, qarorga koʻra, mamlakatda «ochiq banking» tizimi ham joriy etiladi. 2026-yil 1-sentabrgacha banklar, toʻlov tashkilotlari va fintex ishtirokchilari oʻrtasida xavfsiz maʼlumot almashinuvi uchun maxsus texnologik platforma ishga tushiriladi.
Shu bilan birga, 2026-yildan toʻlov vositasi sifatida barqaror tokenlar muomalasi uchun «tartibga solish qumdoni» rejimi amal qiladi. Taqsimlangan reyestr texnologiyasiga asoslangan toʻlov tizimlari boʻyicha pilot loyihalar yoʻlga qoʻyiladi. Oʻzbekiston rezidenti boʻlgan kompaniyalarga tokenlashtirilgan aksiyalar va obligatsiyalar emissiyasi ruxsat etiladi. Fond birjalarida tokenlashtirilgan qimmatli qogʻozlar bilan savdo qilish uchun alohida maydoncha yaratiladi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston Slovakiya bilan hamkorlikda IT startaplari uchun venchur fond tashkil etishi haqida xabar bergan edi.