O‘zbekiston elchisi Avstraliya general-gubernatoriga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekiston elchisi Alisher Qayumov Avstraliya general-gubernatori Samanta Mostinga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Rasmiy marosim Kanberra shahridagi «Government House» rezidensiyasida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Avstraliya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilm-fan va taʼlim sohalaridagi hamkorlik muhokama qilindi. So‘nggi yillarda munosabatlar tobora rivojlanib borayotgani, ikki tomonlama aloqalarning bugungi holati va kelajakdagi istiqbollari muhim masala sifatida taʼkidlandi.
Samanta Mostin O‘zbekiston prezidentining rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va xalqaro biznes uchun qulay investitsiya muhitini yaratish borasidagi natijalarni alohida qayd etdi.
Shuningdek, Avstraliya va O‘zbekiston iqtisodiyotidagi o‘xshashliklar, xususan paxtachilik va tog‘-kon sanoati sohalari hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratishi taʼkidlandi. General-gubernator yaqinda Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNESKO bosh konferensiyasining muvaffaqiyatli o‘tgani va O‘zbekistonning avstraliyalik turistlar uchun tobora jozibador yo‘nalishga aylanayotgani haqida ham so‘zladi.
Suhbat yakunida Samanta Mostin ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga tayyorligini bildirgan holda, O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga samimiy tilaklarini yetkazdi.
Ma’lumot uchun, Alisher Qayumov O‘zbekistonning Singapur (2018–2024) va Avstraliyadagi (2022–2024) o‘rindoshlik asosidagi elchisi Qahramon Shokirov o‘rniga tayinlangan. U 2024-yil 30-aprel kuni Singapur prezidenti Tarman Shanmugaratnamga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Albaniya va Burundining yangi elchilari O‘zbekistonda faoliyatini boshlagani haqida yozgan edik.