Yangiliklar

O‘zbekiston «Qog‘ozsiz hukumat» tizimiga o‘tadi — prezident

Hujjatlar elektronlashuvi yiliga 23 mlrd soʻmni tejamoqda
O‘zbekiston «Qog‘ozsiz hukumat» tizimiga  o‘tadi — prezident
O‘zbekiston «Qog‘ozsiz hukumat» tizimiga o‘tadi — prezident / Foto: prezident matbuot xizmati

28-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markazidagi byurokratiyani bartaraf etishga bagʻishlangan forumda O‘zbekiston «Qog‘ozsiz hukumat» tizimiga o‘tishini ma’lum qildi.

Ochilish marosimida Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) delegatsiyasi, xalqaro tashkilotlar vakillari va davlat xizmati bo‘yicha yetakchi ekspertlar qatnashdi. Davlat rahbari tadbirda O‘zbekistonning byurokratiyani bartaraf etishdagi erishgan yutuqlari va rejalari haqida so‘zladi.

Hujjatlar elektronlashuvi yiliga 23 mlrd soʻmni tejamoqda

Byurokratiyani bartaraf etish masalalariga bagʻishlangan xalqaro forum / Foto: prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari O‘zbekistonda so‘nggi yillarda byurokratiyani kamaytirish va davlat xizmatlarini soddalashtirish bo‘yicha qilingan ishlarga to‘xtaldi. Xususan, 2017-yildagi 444 ta xizmat o‘rniga bugun mingta xizmat mavjud. Xizmatlardan foydalanish keskin oshib, 55 milliondan ortiq fuqaroga xizmat ko‘rsatildi. Tug‘ilish bilan bog‘liq xizmatlar, nafaqa va pensiya tayinlash kabi jarayonlar avtomatik amalga oshmoqda.

Raqamlashtirish orqali 30 dan ortiq xizmat real vaqt rejimida taqdim etilmoqda, yil davomida 8 millionga yaqin xizmat avtomatik ko‘rsatildi. Elektron hujjatlashtirish aholiga yiliga 23 milliard so‘m tejash imkonini bermoqda.

Biznesda 160 dan ortiq ruxsatnomalar bekor qilindi, ko‘plab hujjatlar elektron shaklga o‘tkazildi. «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tamoyili tadbirkorlar uchun yangi imkoniyat yaratmoqda.

O‘zbekiston «Qog‘ozsiz hukumat» tizimiga o‘tadi

O‘zbekiston «Qog‘ozsiz hukumat» tizimiga o‘tadi / Foto: prezident matbuot xizmati

Prezident forumda byurokratiyani kamaytirish bo‘yicha 2030-yilgacha rejalashtirilgan ishlar haqida ham aytdi. Jumladan, davlat xizmatlari soni 1,5 mingtaga, elektron xizmatlar ulushi 95 foizga yetkaziladi. Kelgusi yilda 250 ta xizmatlar elektron shaklga oʻtkaziladi. Masalan, avtotransport vositasini roʻyxatdan oʻtkazish, qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish kabi xizmatlardan elektron foydalanish yoʻlga qoʻyiladi.

Bundan tashqari, Yangi Oʻzbekistonda «Qogʻozsiz hukumat» tizimiga toʻliq oʻtilib, qogʻoz aylanmasidan butunlay voz kechiladi. Mavjud 40 million hujjatlardan 25 millioni, shundan keyingi yilning oʻzida 5 millioni raqamlashtiriladi. Davlat xizmatlari portali, «Litsenziya» tizimi va bojxona platformalari sun’iy intellekt asosida ishlay boshlaydi. Bundan tashqari, aholi, biznes va davlat xizmatchilarining byurokratiyani bartaraf etishga oid takliflarini rag‘batlantirish uchun $3 millionlik mukofot jamg‘armasi tashkil etiladi.

Avvalroq byurokratiyani kamaytirish boʻyicha O‘zbekistonda BAA tajribasi joriy etilishi mumkinligi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda byurokratiyani kamaytirish va sun’iy intellekt sohasida 5 million nafar prompt-muhandisni oʻqitish boʻyicha BAAning ilg‘or tajribasini joriy etish rejalashtirilmoqda.