Yangiliklar

O‘zbekistonda “Byurokratiyani bartaraf etish – 2030” dasturi ishga tushiriladi

Davlat xizmatlaridan tez va qulay foydalanish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi
Foto: Pexels

2026-yil 1-yanvardan boshlab «Byurokratiyani bartaraf etish – 2030» dasturi amalda boshlanadi. Bu haqda prezidentning tegishli farmoni imzolandi.

Mazkur dastur quyidagi maqsadlarni ko‘zlaydi:

  • davlat xizmatlaridan tez va qulay foydalanish imkoniyatini kengaytirish;
  • biznes yuritishni yengillashtirish orqali xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;
  • raqamli boshqaruv orqali mamlakatning xalqaro maydondagi imijini mustahkamlash;
  • ortiqcha jarayonlarni qisqartirib, shaffoflikni oshirish va suiiste’molchilik xavfini kamaytirish.

Farmoyishga muvofiq, dasturni amalga oshirishni muvofiqlashtirish uchun Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi huzurida maxsus loyiha ofisi tashkil etiladi. U quyidagi vazifalarni bajaradi:

  • xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
  • chora-tadbirlar bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqib, tasdiqlashga taqdim etish;
  • har yili byurokratiyani kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni baholash va natijalarni prezidentga taqdim etish.

Farmoyishga ko‘ra, takliflarni ishlab chiqish va samaradorlikni baholash «Zero Bureaucracy» raqamli platformasi orqali olib boriladi. Platforma Agentlik tasarrufida bo‘ladi va bu tizim orqali fuqarolar ham o‘z takliflarini yubora oladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri byurokratiyani kamaytirish bo‘yicha O‘zbekistonda BAA tajribasi joriy etilishi mumkinligi haqida yozgan edi.