O‘zbekistonda yuridik ta’lim tizimi isloh qilinadi

Prezident «O‘zbekistonda yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Farmonga ko‘ra, birinchidan, yuridik ta’lim sifatini va samaradorligini nazorat qilish kuchaytiriladi. Ikkinchidan, Toshkent davlat yuridik universiteti 2030-yilga qadar Quacquarelli Symonds reytingida huquq sohasidagi yuqori mingtalik universitetlar qatoriga kirishi ta’minlanadi.
2026/2027-o‘quv yilidan TDYUda amaliy o‘qitish hamda klinik va duyal ta’lim tamoyillari asosida o‘quv jarayoni joriy qilinadi. Shu tartibda 2-, 3- va 4-kurs talabalari uchun yuridik ta’lim dasturlarining 50 foizi auditoriyalarda, 50 foizi esa sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik tashkilotlarda o‘tkaziladi.
2027/2028-o‘quv yilidan «Yurisprudensiya» yo‘nalishi mavjud boshqa davlat oliy ta’lim muassasalarida TDYU tajribasiga asoslangan amaliy o‘qitish tizimi joriy etiladi.
TDYUda fakultetlar tizimi akademik departament, tadqiqot, amaliyot va karera markazlaridan iborat shaklda tashkil qilinadi. Akademik departamentlar asosida shohbalar tashkil etilib, ularning rahbarlari kafedra mudirlariga tenglashtiriladi. Tadqiqot markazlari fakultet yo‘nalishiga mos ravishda ilmiy xodimlardan iborat bo‘lib, huquqni qo‘llashdagi muammolarni ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganadi.
Fakultet dekani, departament boshliqlari va markaz rahbarlarini saylash tartibi joriy etiladi. Ular ikki o‘quv yiliga saylanadi va bir shaxs ikki muddatdan ortiq lavozimda ishlay olmaydi. Akademik departament va markaz rahbarlari fakultet dekani o‘rinbosarlari hisoblanadi.
Shuningdek, TDYUda «Raqamli huquq» (Digital Law) xalqaro ta’lim yo‘nalishi joriy etiladi. 3- va 4-kurs talabalari davlat tashkilotlari, notariat va advokatlik tizimlarida amaliyot o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 2026/2027-o‘quv yilidan sun’iy intellekt asosida o‘quv jarayonining sifatini baholash tizimi joriy qilinadi.
Farmon bilan 2026/2027-o‘quv yilidan TDYUda akademik litsey va yuridik texnikum bitiruvchilari uchun maxsus 3 yillik bakalavr dasturi tashkil etiladi. Qashqadaryo yuridik texnikumi negizida TDYU huzurida akademik litsey ochiladi.
Shuningdek, yuridik fan bo‘yicha davlat namunali sertifikat berish tartibi joriy qilinadi. 2026-yil 1-martdan TDYUda «Yurisprudensiya» bakalavr yo‘nalishidan boshqa yo‘nalishlar bitiruvchilari uchun ikki yillik magistratura mutaxassisligi boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda O‘zbek–Fransuz universiteti tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.