O‘zbekistonning yangi elchisi Daniya qiroliga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekistonning Daniyadagi yangi elchisi Rahmatulla Nurimbetov mamlakat qiroli Frederik X ga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi ma’lum qildi.
Marosimdan so‘ng tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, texnologik va madaniy-gumanitar sohalarda O‘zbekiston–Daniya hamkorligining bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildi.
Shuningdek, uchrashuvda tog‘-kon sanoati, «yashil» energetika, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, iqlim barqarorligi va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Daniya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 25-yanvarda o‘rnatilgan. Rahmatulla Nurimbetov avval 2024-yil 4-dekabrda Shvetsiya qiroli Karl XVI Gustavga, 2025-yil 15-mayda esa Norvegiya qiroli Harald V ga ishonch yorliqlarini topshirgan.
Avvalroq O‘zbekistonning Bangladeshdagi elchisi Sardor Rustamboyev mamlakat prezidenti Muhammad Shahobuddinga ishonch yorliqlarini topshirgani xabar berilgandi.