
«Oʻzgidromet» xabariga ko‘ra, Toshkent shahridagi atmosfera havosining sifati avvalgi kunlarga nisbatan biroz yaxshilangani ma’lum bo‘ldi.
28-noyabr soat 09:00 da havodagi PM10 zarrachalar miqdori 166 mkg/m³ bo‘lib, me’yordan oshmagan. PM2.5 esa 99,5 mkg/m³ ni tashkil etgan va belgilangan me’yordan 1,6 baravar yuqori bo‘lgan.

Taqqoslash uchun, 24-noyabrda PM2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori me’yorlardan 3 marta, 27-noyabrda esa 2,02 marta oshgandi.
Sovuq antisiklon kuchaymoqda va inversiya davom etadi
«Oʻzgidromet» respublika hududida sovuq antisiklon ta’siri 5-dekabrga qadar saqlanishini, 29-noyabrdan boshlab esa yanada kuchayishini ma’lum qildi. Bu atmosfera bosimining oshishiga, havo haroratining pasayishiga va kechalari sovuq, kunduzi esa biroz iliq ob-havo kuzatilishiga olib keladi. Ertalab tuman tushishi ehtimoli ham yuqori.
Yangilangan tahlillar sovuq antisiklon fonida inversiya yanada uzoqroq davom etishini ko‘rsatmoqda. Uzoq muddatli inversiya natijasida havoda chang, tutun va mayda zarrachalar miqdori ortishi, shuningdek, qalin tuman kuzatilishi mumkin.
Avvalroq Toshkentdagi 890 ta qurilish maydonida ishlar to‘xtatilgani xabar qilingandi. Toshkent shahar hokimligiga ko‘ra, poytaxtda havo sifatini yaxshilash va chang miqdorini kamaytirish maqsadida olib borilayotgan keng ko‘lamli tadbirlar davom etmoqda.