
Geely tomonidan yangilangan Geely Okavango taqdim etildi. Bu haqda Autohome nashri xabar bermoqda.
Model to‘rt xil komplektatsiyada taklif qilinadi. Rasmiy narxlar $14 mingdan boshlanadi. Yangilanishlar dizayn, salon va texnologiyalarni o‘z ichiga olgan. Shuningdek, endi krossover 5, 6 va ixtiyoriy 7 o‘rinli konfiguratsiyada sotiladi.

Tashqi ko‘rinishda mashina kattalashtirilgan ko‘pyoqlik panjarasi, yirik havo kirish kanallari va tajovuzkor old bamper bilan e’tibor tortadi. O‘lchamlari 4865×1910×1770 mm, g‘ildirak bazasi esa 2825 mm.
Salon ancha zamonaviy ko‘rinishga ega. Mashinada 72 rangli atmosferik yoritish, 10,2 dyuymli raqamli panel, 14,6 dyuymli Flyme Auto asosidagi mediaekran o‘rnatilgan. Qimmatroq versiyalarda ikkinchi darajali haydovchi yordamchilari mavjud. Adaptiv kruiz, chiziqda ushlab turish, old to‘qnashuvni oldini olish, avtomatik uzoq yorug‘lik, 360 darajali kamera bor.

6 o‘rinli variantda ikkinchi qatorda ventilyatsiya, isitish, massaj funksiyasiga ega kapitan o‘rindiqlar bor. 7 o‘rinli konfiguratsiyada uchinchi qatordagi o‘rindiqlarni tekis qilib yig‘ish mumkin. Ikki qatordagi o‘rindiqlar yig‘ilganda yukxona hajmi 2050 litrga yetadi.
Yangilangan Okavango ikki dvigatel bilan taqdim etildi: 180 ot kuchiga ega 1,5 litrli turbo va 218 ot kuchli 2,0 litrli turbo motor. Har ikki agregat 7 pog‘onali ikki muftali robot uzatmalar qutisi bilan birga ishlaydi. Old osma McPherson, orqa esa ko‘p bo‘g‘inli konstruksiyaga ega.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chevrolet’ning noyob avtomobili auksionga qo‘yilgani haqida yozgan edi.