Inson miyasi qaysi xotirani eslab qolishni qanday tanlaydi — tadqiqot

29-noyabr 2025 02:22 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Freepik.com

Inson miyasi har kuni yuzlab lahzalarni qabul qiladi: tasodifiy fikrlar, qisqa taassurotlar, noqulay vaziyatlar yoki muhim hodisalar. Ammo ularning faqat kichik qismi uzoq muddatli xotiraga aylanadi. Yangi ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, xotiraning mustahkamlanishi bitta mexanizm bilan emas, balki miyada bosqichma-bosqich kechadigan murakkab molekulyar jarayonlar orqali amalga oshar ekan.

Tadqiqot qanday o‘tkazildi

Olimlar maxsus virtual reallik tizimi yordamida tajriba o‘tkazdi: sichqonlar ayrim vaziyatlarni boshqalarga qaraganda yaxshiroq eslab qolishi uchun sharoit yaratildi. Ular takrorlanuvchi voqealarni kuchliroq eslab qolgan. Shu orqali tadqiqotchilar talamus va miya po‘stlog‘idagi o‘zgarishlarni solishtirish imkoniga ega bo‘ldi.

Keyin olimlar turli molekulalarning ishini vaqtincha to‘xtatib, qaysi jarayon xotiraning qay darajada saqlanishiga ta’sir qilishini aniqladi.

Xotira uch bosqichda shakllanadi

Tadqiqotlarga ko‘ra, uzoq muddatli xotira quyidagi uch fazadan iborat:

  • tezkor molekulyar signal bosqichi: miya yangi voqea uchun poydevor yaratishni boshlaydi;
  • talamus va miya po‘stlog‘i o‘rtasidagi aloqa mustahkamlanish: bu bosqichda sekinroq, ammo kuchliroq jarayonlar ishga tushadi;
  • ash1l oqsili faollashuvchi yakuniy bosqich: Ash1l xromatin tuzilishini o‘zgartirib, xotirani uzoq yillar saqlanishi mumkin bo‘lgan barqaror holatga keltiradi.

Agar ushbu bosqichlardan biri bajarilmasa, xotira asta-sekin o‘chib boradi.

Xotira va immun tizimi o‘rtasidagi qiziqarli aloqa

Olimlarning ta’kidlashicha, xotirani mustahkamlaydigan Ash1l oqsili aslida hujayralar rivojlanishi va immun tizimi xotirasida ham ishtirok etadi. Ya’ni organizmning turli tizimlari shunga o‘xshash universal mexanizmlardan foydalanadi.

Nega ba’zi voqealarni umrbod eslaymiz?

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki:

  • qisqa muddatli taassurotlar birinchi bosqichda yo‘qoladi;
  • takrorlanuvchi yoki hissiy jihatdan kuchli voqealar barcha bosqichlarni faollashtiradi;
  • shuning uchun ba’zi xotiralar bir necha hafta yashaydi, boshqalari esa o‘nlab yillar davomida biz bilan qoladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Neuralink bemori tez orada kuchaytirilgan chip olishi haqida yozgandi.

Shuningdek