Yangiliklar

SpaceX bir parvozda 140 ta sun’iy yo‘ldosh uchirishga tayyorlanmoqda

Transporter-15 deb nomlangan ushbu missiya Vandenberg harbiy-havo bazasidan amalga oshiriladi
SpaceX
Foto: SpaceX

SpaceX kompaniyasi Falcon 9 raketasi yordamida 140 ta sun’iy yo‘ldoshni orbitaga chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda SpaceFlight Now nashri ma’lum qildi.

Transporter-15 deb nomlangan ushbu missiya Vandenberg harbiy-havo bazasidan Tinch okeani vaqti bilan 10:44 da amalga oshirilishi kutilmoqda. Avvalgi uchirish bir necha soat qolganda ob-havo sharoiti sabab bekor qilingandi.

Transporter-15 — SpaceX’ning Smallsat Rideshare dasturi doirasidagi 19-missiya bo‘lib, kichik sun’iy yo‘ldoshlarni arzonroq narxda orbitaga chiqarish imkonini beradi. Kompaniya yil davomida bir nechta muvaffaqiyatli rideshare-uchishlarni amalga oshirgan: yanvar, mart, iyun hamda aprel va noyabr oylarida Bandwagon-3 va Bandwagon-4 missiyalari.

Uchirishda Falcon 9 raketasining B1071 raqamli birinchi bosqichi qo‘llanadi. Ushbu bosqich 29 marta parvoz qilgan bo‘lib, ilgari AQSh Milliy razvedka boshqarmasi uchun beshta missiyada, avvalgi Transporter va Bandwagon uchishlarida hamda NASA’ning okean sathlari va suv resurslarini o‘rganishga qaratilgan SWOT missiyasida ishlatilgan.

Watch Live: SpaceX Falcon 9 rocket launches Transporter 15 rideshare mission

Startdan taxminan 8,5 daqiqa o‘tib, birinchi bosqich Of Course I Still Love You nomli okean platformasiga mustaqil tarzda qo‘nishi kutilmoqda. Agar qo‘nish muvaffaqiyatli yakunlansa, bu ushbu platformadagi 165-qo‘nish va SpaceX tarixidagi 540-marta qayta foydalaniladigan bosqich qo‘nishi bo‘ladi.

Raketaning yuqori qismida joylashgan asosiy yuk — Tayvan kosmik agentligining Formosat-8 apparati. U sakkizta optik kuzatuv sun’iy yo‘ldoshidan iborat yangi guruhning birinchisi hisoblanadi. Ushbu loyiha yordamida Yer monitoringi bo‘yicha yanada keng va aniq ma’lumotlar olinadi. NASA har yili bittadan sun’iy yo‘ldosh uchirib, 2031-yilga kelib to‘liq guruhni shakllantirishni rejalashtirgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan SpaceX Starship’ni Oyga qo‘ndirish vaqtini ma’lum qilgani haqida yozgandi.