
Andijon shahri 2026-yil uchun Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti sifatida rasman e’lon qilindi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Aqtau shahrida TURKSOY doimiy kengashining 42-yig‘ilishi va «Aqtau – 2025-yil turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» loyihasining yopilish marosimi o‘tkazildi. Tadbirda TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev, Qozog‘iston madaniyat vaziri Aida Balayeva, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim, Oqtov va Andijon shahar hokimlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Gabala sammitida ilgari surilgan tashabbuslar va 2026-yilda TURKSOY faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. «Oqtov – turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» loyihasi yakunlari yuzasidan fikr almashildi. Muloqot yakunida TURKSOY vaqtinchalik koordinatorligi O‘zbekiston tomoniga topshirildi va ishtirokchi davlatlar vakillari qo‘shma deklaratsiya imzoladi.
Ozodbek Nazarbekov Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazish, Navoiy asarlarini turk tilida nashr etish tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, Yunus Rajabiy nomidagi «Maqom» ansamblining Navoiy g‘azallari asosidagi konsertini Anqara va boshqa shaharlarda namoyish etish hamda 2026-yildan «TURKSOY Ovozi» xalqaro tanlovini yo‘lga qo‘yish takliflarini bildirdi.

2026-yil uchun «Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» maqomi Oqtovdan Andijon shahriga topshirildi. Aida Balayeva O‘zbekiston xalqini ushbu maqom bilan tabriklab, Andijonning turkiy davlatlar uchun yangi madaniy markazga aylanishiga ishonch bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Yangi Andijon – Xonobod» yo‘nalishida pullik yo‘l qurilishi haqida yozgan edik.