
Apple olimlari PARS (PAirwise Relative Shift) nomli yangi mashina o‘rganish texnologiyasini taqdim etdilar. Ushbu usul elektroensefalogramma (EEG) orqali miya signallarini o‘lchash va tahlil qilish imkonini beradi.
Odatiy holda EEG modellarini o‘rgatish uchun ekspertlar tomonidan belgilangan katta hajmdagi ma’lumotlar talab qilinadi. PARS usulining asosiy tamoyili shundaki, model faqat qayta ishlanmagan ma’lumotlarga asoslanib, EEGning turli fragmentlari orasidagi vaqt oralig‘ini bashorat qiladi. Model signaldagi bo‘sh joylarni to‘ldirishni o‘rganmaydi, balki EEGning kengroq tuzilishini tushunadi. Buni EEGning tasodifiy tanlangan juft qismlari orasidagi nisbiy vaqt o‘zgarishlarini tahlil qilish orqali amalga oshiradi.
Tadqiqotda PARS yordamida o‘rgatilgan model to‘rtta test ma’lumotlar to‘plamining uchtasida mavjud usullardan yuqori yoki teng natijalarni ko‘rsatgani aniqlandi. Ushbu to‘plamlarda uyqu fazalari, EEGdagi anomaliyalarni aniqlash, epileptik tutqanoqlarni aniqlash va tasvirlarni tahlil qilish bo‘yicha ma’lumotlar mavjud. EESM17 to‘plamida esa naushniklarga o‘rnatilgan EEG tizimi ishlatilgan, bu texnologiyani AirPods kabi kiyiladigan qurilmalarga integratsiya qilish imkonini beradi.
Apple 2023-yilda «foydalanuvchining biotsignallarini o‘lchash uchun kiyiladigan elektron qurilma» patentini ro‘yxatdan o‘tkazgan. Patent elektrodlarni quloq ichidagi teri bilan ishonchli aloqa qilish, bir nechta sensor va mashina o‘rganish algoritmlari orqali eng sifatli signalni tanlash usullarini tavsiflaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple kompaniyasi 2027-yilda M7 chipini Intel’da ishlab chiqarishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.