AQSh 2026-yildan dollarning yangi namunalarini muomalaga kiritadi

eʼlon qilindi
Banknotalarning tashqi dizayni haqida hozircha ma’lumot berilmagan
Dollar kursi o‘zgarishiga 2026-yilda qaysi omillar ta’sir qiladi
Foto: depositphotos

AQSh 2026-yildan boshlab dollar banknotalarini to‘liq yangilash bo‘yicha eng yirik modernizatsiya dasturini boshlaydi. Bu haqda AQSH Zarbxona va matbaa byurosi (BEP) xabar berdi.

Unga ko‘ra, yangi kupyuralar, avvalo, xavfsizlik darajasini oshirish, qalbakilashtirish texnologiyalariga qarshi kurashni kuchaytirish hamda dollarning global zaxira valyuta sifatidagi mavqeyini mustahkamlashga qaratilgan.

Yangilanish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:

  • $10 lik banknota – 2026-yilda;
  • $50 lik – 2028-yilda;
  • $20 lik – 2030-yilda;
  • $5 lik – 2032-yilda;
  • $100 lik – 2034-yilda muomalaga chiqariladi.

AQSh hukumati banknotalarning tashqi dizayni haqida hozircha ma’lumot bermagan. Har bir kupyuraning yangi ko‘rinishi muomalaga chiqarilishidan 6 – 8 oy oldin ommaga taqdim etiladi. Bu chora qalbaki pul ishlab chiqaruvchilarni oldindan tayyorlanish imkonidan mahrum qilish uchun joriy etilgan.

Yangi banknotalarda o‘n yildan ortiq laboratoriya sinovlaridan o‘tgan maxsus himoya texnologiyalari bo‘ladi. Ularga ko‘z bilan ko‘rinadigan va maxfiy himoya elementlari, yuqori aniqlikdagi mikrobosma, yangi optik effektlar va maxsus materiallar kiradi.

Dunyo bo‘yicha dollar bilan ishlaydigan 10 milliondan ortiq bankomat, terminal va hisoblash uskunalari mavjud. Shu bois BEP ularga oldindan sinov namunalarini taqdim etadi, bu esa yangi banknotalarning ilk kundanoq butun dunyoda muomalada bo‘lishini ta’minlaydi.

Jamoatchilik orasida $20 lik banknotaga Garriyet Tabmen tasviri joylashtirilishi mumkinligi bo‘yicha muhokamalar davom etayotgan bo‘lsa-da, hukumat bu boradagi ma’lumotni oshkor etmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan dollar kursi o‘zgarishiga 2026-yilda qaysi omillar ta’sir qilishi haqida yozgandi.

Shuningdek