
BYD kompaniyasining yangi gibrid BYD Ti7 avtomobili Tailandda o‘tayotgan Bangkok Motor Expo 2025 ko‘rgazmasida rasman namoyish etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Model brendning yangi global avtomobili sifatida taqdim etildi. Avtomobil Xitoy bozorida juda tez mashhurlikka erishgan bo‘lib, 80 kun ichida 50 ming dona sotilgan. Endi BYD ushbu muvaffaqiyatni xalqaro bozorlarda ham takrorlashni rejalashtirmoqda.

Ti7 dastlab Xitoyda Fang Cheng Bao Ti7 yoki Tai 7 (Titanium 7) nomlari bilan sotuvga chiqqan. Uning narxi $25,4 – 31,1 ming oralig‘ida. China EV DataTracker ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr-oktabr oylarida 28 152 dona Ti7 yetkazib berilgan. Noyabr oyidagi ichki sotuv hajmi esa 21,8 ming donadan oshgan.
Old qismida matritsali LED faralar o‘rnatilgan. Orqa tomonda yuk bo‘limiga ega burmalanuvchi eshik mavjud. Model klassik eshik tutqichlari, 20 dyuymli qora disklar, LiDAR sensori va massiv bamperlari bilan jihozlangan. O‘lchamlari 4 999 mm uzunlik, 1 995 mm kenglik va 1 865 mm balandlikni tashkil etadi.

Salon yetti ekranli texnologik muhitga ega. Markazda 15,6 dyuymli displey, old panelda 12,3 dyuymli raqamli asboblar paneli va 26 dyuymli HUD proyeksiya ekrani joylashgan. Konditsioner uchun ikkita alohida sensorli ekran, orqa qatorda ikkita 13 dyuymli BYD Pad plansheti mavjud. Shuningdek, panoramali tom, 20 ta dinamikli audio tizim va fon yorug‘ligi taqdim etilgan. Salon faqat besh o‘rindiqli konfiguratsiyada taklif qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan BYD’ning premium gibrid yo‘ltanlamasi Xitoyda sotuvlar bo‘yicha yetakchilikni egallagani haqida yozgan edi.