
Xitoyda BYD Leopard Titanium 7 premium gibrid yo‘ltanlamasi qisqa vaqt ichida katta talabga ega bo‘ldi. Brend vakillariga ko‘ra, sotuvlar boshlanganidan buyon 80 kun ichida 50 ming dona avtomobil sotilgan.
Mazkur model Li Auto krossoverlariga bevosita raqobatchi sifatida ko‘rilmoqda. Leopard Titanium 7 yirik o‘lchamga ega bo‘lib, uning uzunligi 4 999 mm, eni 1 995 mm, balandligi 1 865 mm, g‘ildirak bazasi 2 920 mmni tashkil etadi.
Avtomobil 1,5 litrli 156 ot kuchiga ega benzin dvigateli va bitta yoki ikkita elektromotor bilan jihozlangan. Asosiy komplektatsiyada umumiy quvvat 272 ot kuchini tashkil etadi. To‘liq yuritmaga ega, ikkita elektromotorli versiyada esa bu ko‘rsatkich 490 ot kuchigacha yetadi.
Leopard Titanium 7 maksimal yurish masofasi 1 300 kilometrgacha yetishi bilan ajralib turadi. Bu uni uzoq masofali safarlar uchun qulay gibrid yo‘ltanlamaga aylantiradi.
Shu bilan birga, BYD kompaniyasi joriy haftada Qin PLUS DM-i gibrid sedanlarining 89 ming dona partiyasini qaytarib olishga qaror qilgan. Sabab — ayrim avtomobillarda akkumulyator tizimi bilan bog‘liq muammolar aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan BYD Atto 8 gibrid modeli taqdim etilgani haqida yozgan edi.