Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalarga ikki milliard so‘m beriladi

Prezident «Soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasini oshirish va faol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi.
Qaror har yili eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalar reytingini tuzish va ularni taqdirlashni nazarda tutadi. 2026-yil 1-yanvardan boshlab «Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla» nominatsiyasi joriy etiladi. G‘oliblarni aniqlash mezonlari bir necha ko‘rsatkichlarga asoslanadi. Ulardan biri har ming nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes subyektlari soni va ushbu subyektlar tomonidan to‘langan soliq miqdoridir.
Shu bilan birga, har ming nafar aholiga to‘g‘ri keladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchilar soni ham hisobga olinadi. Mezonlar doirasida o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni va ular tomonidan to‘langan soliq miqdori ham e’tiborga olinadi. Mahalla aholisi tomonidan mol-mulk va yer soliq to‘lovlarining to‘langanlik darajasi ham g‘oliblarni aniqlashda muhim mezon sifatida belgilanadi.
Nominatsiya g‘oliblari bir qator rag‘batlantirish choralari bilan ta’minlanadi. Tashabbusli budjet doirasida ketma-ket ikki marotaba g‘olib deb topilgan mahallalar uchun navbatdagi ikki mavsumda loyiha kiritish imkoniyati cheklanmaydi.
Shuningdek, loyihalarni sheriklik asosida moliyalashtirishda, agar mahalla aholisi loyiha qiymatining 25 foizini taqdim etsa, loyiha g‘olibi deb topiladi va qolgan 75 foizi byudjetdan moliyalashtiriladi. Har yili birinchi yuztalikka kirgan eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalarga byudjetdan 2 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi. Mablag’ mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Eng yaxshi ixtiro» nominatsiyasi boʻyicha respublika tanlovi oʻtkazilishi haqida yozgan edik.