Farg‘onada beshta sanoat va issiqxona xo‘jaligi faoliyati to‘xtatildi

Farg‘onada beshta sanoat va issiqxona xo‘jaligi faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda Maxsus komissiyaning rasmiy kanalida ma’lum qilindi.
Viloyatda atmosfera havosiga zarar yetkazayotgan manbalarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha kuchaytirilgan ekoreydlar davom etmoqda. Ishchi guruh tomonidan 48 ta sanoat va issiqxona xo‘jaligi o‘rganildi va talablarga javob bermagan beshta xo‘jalikning faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Shuningdek, ekologik qoidalarni buzgan 15 nafar shaxsga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. O‘rganilgan 15 ta qurilish obyektida esa chang tarqalishini kamaytirish maqsadida suv purkagich o‘rnatish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Farg‘ona viloyatida 1-dekabr holatiga ko‘ra, РМ2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori 189,8 mkg/m3 ni tashkil etib, me’yordan (60 mkg/m3) 3,2 marta oshgan. Hududda quruq iqlimda changni bosib, havo sifatini yaxshilash maqsadida suv sepish ishlari davom etmoqda.
Avvalroq Qibraydagi 200 dan ortiq issiqxonalarda reyd o‘tkazilgani xabar qilingandi. Xususan, 29-noyabrdan 30-noyabrga o‘tar kechasi Qibray tumanida 100 nafar xodim ishtirokida issiqxonalar, qozonxonalar va ishlab chiqarish obyektlari tekshirildi. Tungi reydda 226 ta issiqxona o‘rganilib, ularning aksariyati talablarga to‘liq javob bermasligi aniqlandi.