
Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi TBC Uzbekistan bankining uzoq muddatli majburiyatlar bo‘yicha defolt reytinglari prognozini «Salbiy»dan «Barqaror»ga ko‘tardi. Bu haqda agentlikning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Bankning xorijiy va milliy valyutadagi reytinglari «BB-» darajasida tasdiqlandi. Bankning mustaqil barqarorligini aks ettiruvchi Viability Rating esa «b» darajasida o‘zgarishsiz qoldi.
Agentlikning ushbu qarori Gruziyada ro‘yxatdan o‘tgan TBC BANK JSC bo‘yicha prognozning ham «Barqaror»ga o‘zgartirilgani bilan bog‘liq bo‘ldi. TBC — TBC Bank Group PLC tarkibidagi asosiy moliyaviy institut bo‘lib, u TBC Uzbekistan’ning bosh aksiyadori hisoblanadi.
Fitch ta’kidlashicha, TBC Uzbekistan reytingining asosiy tayanchlaridan biri bu — asosiy filial tomonidan potensial qo‘llab-quvvatlash ehtimoli hisoblanadi. Shu sababli bankning aksiyadorlarni qo‘llab-quvvatlash reytingi (SSR) «bb-» darajasida belgilangan. Biroq ushbu ko‘rsatkich TBC Bank reytingidan bir pog‘ona pastroq qo‘yilgan. Bunga O‘zbekistondagi bankning guruhdagi o‘rni hali nisbatan kichikligi sabab bo‘lmoqda. 2024-yil yakunida TBC Uzbekistan aktivlari butun guruh aktivlarining atigi 6 foizini tashkil qilgan.
Shu bilan birga, agentlik TBC Uzbekistan’ning guruh uchun ahamiyati yildan yilga oshib borishini kutmoqda.
Fitch, shuningdek, TBC Uzbekistan reytinglari asosiy filial reytinglari o‘zgarishlariga sezgir ekanini bildirgan. TBC Bank reytingi pasaygan taqdirda yoki TBC Uzbekistan guruhdagi roli susaysa, O‘zbekistondagi bankning SSR ko‘rsatkichi ham kamayishi mumkin. Hozircha bunday xavflar ehtimoli past deb baholanmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri to‘qqiz oyda TBC Uzbekistan 439 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgani haqida yozgandi.