
Google hamasoschisi Sergey Brin Alphabet aksiyalari ko‘rinishidagi $1,1 milliarddan ortiq mablag‘ni xayriya ishlariga yo‘naltirdi. Bu haqda Bloomberg nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, taxminan $1 mlrd Brin 2021-yilda tashkil etgan Catalyst4 notijorat tashkilotiga yo‘naltiriladi. Ushbu tashkilot markaziy asab tizimi kasalliklari bo‘yicha tadqiqotlarni hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Yana $90 mln milliarderdning o‘z oilaviy jamg‘armasiga, $45 mln esa Parkinson kasalligi bo‘yicha tadqiqotlarni moliyalashtiradigan Maykl J. Foks jamg‘armasiga beriladi. May oyida Brin ushbu uch tashkilotga $700 mlnlik Alphabet aksiyalarini ham taqdim etgan edi.
Ma’lumot uchun, 52 yoshli Brin dunyoning eng boy insonlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bloomberg’ga ko‘ra, uning boyligi $255,5 mlrdga baholangan. Joriy yilda uning kapitali $97,3 mlrdga oshdi. Bunga Alphabet aksiyalarining o‘sishi sabab bo‘ldi. Aksiyalar shu hafta rekord daraja – $323 ga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google YouTube’da yangi funksiyani sinovdan o‘tkazayotgani haqida xabar qilgan edik.